Avvalroq 18-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning mamlakat soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani xabar berilgandi.

Hozirda qandolatchilik va salqin ichimliklar tarmog‘i mahalliy sanoatning drayveriga aylanib ulgurgani va ularni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.

Shu bois shakarga aksiz to‘lovi bekor qilinishi belgilandi. Quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanadi.

Buning hisobiga qariyb 40 ming odam ishlaydigan 5,5 ming qandolat va salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarning yillik aylanmasi kamida 50 trln so‘mga yetishi kutilmoqda.

Hozirda 2,5 mingga yaqin restoran va kafe QQS to‘lamoqda. Yil boshidan ularga QQSning 20% dan 40% gacha qismini “keshbek” sifatida qaytarish tizimi joriy qilingandi. Shunga qaramay, hozirgacha bu imtiyozdan faqat 69 ta umumiy ovqatlanish korxonasi foydalangan.

Masalan, salqin ichimlik, tort, muzqaymoq kabi 200 dan ziyod mahsulot alohida-alohida sotilsa, “keshbek” berilmayapti. Biroq, ularga ham QQS to‘langan. Soliq qo‘mitasiga bu boradagi tushunmovchiliklarni tartibga solib, adolatli tizimni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Prezident joylarda yer solig‘i va ijara to‘lovlariga oshiruvchi koeffitsient belgilayotganda uning biznesga ta’sirini o‘rganish, tadbirkorlarning imkoniyati va moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, qaror qabul qilish muhimligini ta’kidladi.

“Tushumni ko‘paytirish soliq stavkasini oshirish hisobidan bo‘lmasligi kerak. Aksincha, tadbirkorga yordam berib, soliq bazasini kengaytirsak, tushum ko‘payadi, tadbirkorlar ham rozi bo‘ladi”, — dedi prezident.

Endilikda tadbirkorlarga ushbu soliqlarni yilda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Avvalroq xizmat ko‘rsatish sohasi uchun ijtimoiy soliq imtiyozlari uch yilga uzaytirilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, xizmatlar sohasidagi tadbirkorlarga kredit va lizing uchun qariyb 72 trln so‘m yo‘naltiriladi.