Pavel Durov Fransiyada qo‘lga olinganidan keyin Telegram Yevropa qonunlariga “majburiy” rioya qilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Telegram asoschisining so‘zlariga ko‘ra, uning 2024-yil yozida Fransiyada qo‘lga olinishi messenjer siyosatini o‘zgartirmagan. Uning ta’kidlashicha, Telegram shundoq ham har doim Yevropa qonunchiligi doirasida ishlagan.

Messenjer rahbarining ta’kidlashicha, o‘tgan yilning avgust oyida sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng, Fransiya politsiyasi nihoyat Yevropa Ittifoqining “Raqamli xizmatlar to‘g‘risida"gi qonunida (DSA) nazarda tutilgan huquqiy mexanizmlar orqali Telegramga so‘rovlar yubora boshlagan.

Buning natijasida Fransiya sudlari platformadan jinoiy ishlarda gumon qilinayotgan shaxslarning IP-manzillarini olishni boshladi.

Durovning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi huquq-tartibot idoralari bilan o‘zaro hamkorlik tartibi u hibsga olinishidan ancha oldin Telegram veb-sayti va ilovalarida batafsil bayon etilgan. U nega Fransiya sudlari va politsiyasi ilgari bu aniq ko‘rsatilgan mexanizmni e’tiborsiz qoldirganiga hayronligini bildirdi.

Shuningdek, Pavel Durov Telegram dunyodagi ikkinchi eng mashhur messenjer ekanligini va har yili xalqaro qonunlarga rioya qilish uchun millionlab dollar sarflashini eslatdi. Uning o‘zi esa Yevropa Ittifoqi qonunlari kuchga kirishidan bir yil oldin ularni bajarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Mart oyida Durov o‘z kanalida Parijdan Dubayga ketganini tasdiqlagan post e’lon qildi.

“Eshitgan bo‘lsangiz kerak, Telegramdagi jinoyatchilar faoliyati bilan bog‘liq tergov tufayli bir necha oy Fransiyada bo‘lib, endi Dubayga qaytdim. Jarayon hali davom etmoqda, lekin uyda bo‘lish yoqimli”, — deb yozgan Durov.

U bunga imkon bergan tergov sudyalariga, shuningdek, moderatsiya, hamkorlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida “Telegram” yillar davomida nafaqat qonuniy majburiyatlarini bajarganini, balki ulardan ham oshirib yuborganini isbotlashdagi tinimsiz sa’y-harakatlari uchun advokatlari va jamoasiga minnatdorchilik bildirdi.

Bundan tashqari, bu kutilmagan safar davomida butun dunyo bo‘ylab qo‘llab-quvvatlagan millionlab insonlarga chuqur minnatdorchiligini izhor etib, bu u uchun juda qadrli ekanligini qayd etgan.

15-mart kuni “AFP” agentligi bir nechta manbaga asoslanib, Durov sud ruxsati bilan Fransiyani vaqtincha tark etgani va Dubayga yo‘l olgani haqida ma’lum qildi. Agentlik suhbatdoshlarining aytishicha, tergov sudyasi tadbirkorga “bir necha hafta"ga chiqib ketishiga ijozat bergan.

Durovning Parijda qo‘lga olinishi

2024-yil 24-avgust kuni Pavel Durov Fransiya politsiyasi tomonidan Parij aeroportida qo‘lga olindi. Parij prokuraturasi unga nisbatan noqonuniy tranzaksiya uchun onlayn platforma yaratish, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish kabi ayblovlarni qo‘ydi.

“Telegram” jamoasi Durovning hibsga olinishiga izoh berib, messenjer Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga amal qilishini hamda uning moderatsiyasi sanoat standartlariga javob berishini qayd etdi.

Avgust oyi oxirida Parij sudi tadbirkorni garov evaziga ozod etdi. Durov sud nazoratiga olinib, unga Fransiyani tark etish taqiqlandi. “Telegram” asoschisi, shuningdek, 5 mln yevro miqdorida garov puli to‘lashi va haftasiga ikki marta politsiyaga kelishi kerak.

6-sentabr kuni Durov birinchi marta hibsga olinishi bo‘yicha izoh berib, u boshqarayotgan platformada uchinchi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda ayblanishini xato yondashuv deya qayd etdi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda Telegram messenjerida qisqa muddatli uzilish kuzatilgani haqida yozgandi. Bu haqda Downdetector servisi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Uzilishlar 17-aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:50 atrofida boshlangan. Rossiyaning ayrim hududlari, jumladan, Moskvadagi foydalanuvchilar ham shunga o‘xshash muammolarga duch kelishdi.

Qisqa vaqtda platformaga 6 mingdan ortiq shikoyat bildirilgan. Foydalanuvchilardan ayrimlari messenjer mobil ilovasi hamda sayti ishlamayotganini qayd etgan bo‘lsa, ayrimlari ogohlantirish bilan bog‘liq muammolarni keltirgan.