Avvalroq 18-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning mamlakat soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani xabar berilgandi.

Unda Garvard universiteti tahliliga ko‘ra, o‘tgan besh yilda Iqtisodiy murakkablik indeksida O‘zbekistonning o‘rni 25 pog‘ona yaxshilanib, 105-o‘rindan 80-o‘ringa ko‘tarilgani qayd etildi.

Bugungi kunda 162 turdagi milliy mahsulotlar “dunyo bozorlarida raqobat ustunligiga ega” deb e’tirof etilyapti. Natijada oxirgi yillarda eksport 2,2 barobar oshdi. Tashqi savdo aylanmasi YIMga nisbatan 57% ga yetdi. Bu mamlakat iqtisodiyoti tashqi bozorlarga qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rsatuvchi “juda katta raqam”, deya qayd etdi prezident.

“Takror va takror aytaman — „hozirgi dunyodagi vaziyat bizga ta’sir qilmaydi“ deganlar juda katta xato qiladi. Bunday sharoitda faqat o‘z kuchimiz va ichki imkoniyatlarimizga tayanib, dadil-dadil qadam tashlashimiz kerak”, — ta’kidladi davlat rahbari.

Lekin ko‘p rahbarlar hali masalaning jiddiyligini, 2 karra ko‘p ishlash kerakligini bilmayotgani, har bir vazirlik, tarmoq va hududlarni birinchi rahbarlari aniq-aniq reja qilib, ishlab chiqarish, eksport bilan o‘zi shaxsan shug‘ullanishi shart va zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bir hafta davomida mutasaddilar 3 mingdan ziyod tajribali tadbirkorlar bilan uchrashdi. Ishbilarmonlar xalqaro bozorlardagi tebranishlarga moslashish uchun tezda hal qilish kerak bo‘lgan yangi-yangi masalalarni qo‘yayotgani, vazirlar, hokimlar, bank va tarmoq rahbarlariga savollar ko‘pligi qayd etildi.

Ayrim rahbarlar tendensiyalarni o‘rganib, xatarlarni to‘g‘ri baholab, tadbirkorlarga yo‘l ochish o‘rniga o‘zlari to‘siq bo‘layotgani tanqid qilindi. “Bundaylarga nisbatan qattiq chora ko‘riladi”, — dedi prezident.

Avvalroq kichik va o‘rta biznes uchun yangi talablarga uch yillik moratoriy joriy etilishi ma’lum qilingandi. Endi oxirgi uch yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan oshmagan va soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi.