Joriy yilning 1-iyulidan barcha tovar eksportiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi. Bu haqda 18-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning mamlakat soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Unda prezident biznes uchun teng sharoitlar yaratish masalalariga to‘xtalib, mahalliy korxonalarga yo‘l ochib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish, qimmat bozorlarga yangi mahsulotlar bilan kirishiga sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.
Ayrim tovarlarning esa ichki bozorga sun’iy pasaygan narxda kirib kelayotgani mahalliy ishlab chiqaruvchilarning o‘rnini zaiflashtirayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan tannarxi $220 lik kichik muzlatgich bozorda o‘rtacha $250 dan sotilib, undan $30 QQS undiriladi. Import muzlatgich narxi esa sun’iy pasaytirilib, $25 ko‘rsatilgani uchun bor-yo‘g‘i $3 QQS olinyapti. Bunda ishlab chiqaruvchi importga nisbatan 10 karra ko‘p soliq to‘lyapti.
Yangi farmon bilan chetdan olib kelinayotgan tovarlarni bojxona qiymatini aniqlash tartibi to‘liq xalqaro qoidalarga moslashtiriladi.
Salqin ichimliklar, maishiy texnika, farmatsevtika, alkogol va tamaki kabi mahsulotlarni markirovkalash tizimi asosida ishlayotgan tadbirkorlar mahsulotlari bilan bir vaqtda markirovkasiz tovarlar ham bemalol sotilayotgani ta’kidlandi. Hamma do‘konlar ham markirovka bilan ishlamagani uchun nazorat zanjiri uzilib qolmoqda.
Soliq va Bojxona qo‘mitalariga markirovkalashning ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini ishlab chiqish, markirovkalash talabi bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.
Qimmat bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ayrim tovarlar eksportiga cheklov qo‘yilgani uchun ko‘plab imkoniyatlar qo‘ldan boy berilayotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda 1-iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligi e’lon qilindi. Bunda eksport bojlari joriy qilingan 86 turdagi xomashyo va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar mustasno. Bu tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat ekani ta’kidlandi.
“Bir narsani aniq tushunish kerak. Agar tadbirkorlar qimmat bozorlarga ishlasa, ularda mahsulotni ko‘paytirish, sifatni yaxshilashga intilish, ishtiyoq ortadi, manfaat bo‘ladi”, — dedi prezident.
Iyuldan boshlab eksport bojxona bojlari o‘g‘itlar uchun 10%, gaz va chorva mollari — 20%, go‘sht va don uchun 30% miqdorida belgilanadi. Eng yuqori bojlar guruch va qora metallar uchun undiriladi — 100%.
Avvalroq Bojxona qo‘mitasi huzurida Tadbirkorlarning maslahat kengashi tashkil etilishi xabar berilgandi. Kengash maqsadi bojxonada xomashyo va butlovchi qismlar uchun qo‘shimcha to‘lovlarni bekor qilish hamda mahalliy ishlab chiqarishda tannarxni pasaytirishga qaratilgan.