Global iqtisodiy vaziyatlarda butun dunyoda ta’minot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlarning kuzatilishi yirik xavfdir. Bu haqda 18-aprel kuni dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning mamlakat soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev qayd etdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari raisligida boshlangan videoselektor yig‘ilishida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy va savdo cheklovlarining O‘zbekistonga ta’sirini yumshatish masalalari muhokama qilinmoqda.

“Hozirgi dunyo avvalgidek emas. Gap tarif yoki ular miqdorida ham emas. Uzoq yillar davomida davlatlar o‘rtasida barqaror munosabatlar va o‘zaro ishonchni ta’minlagan xalqaro institutlar, ular ishlab chiqqan qoida va normalar bugun samarasiz bo‘lib boryapti”, — dedi prezident.

Mamlakat yetakchisining qo‘shimcha qilishicha, bu jarayonlar zanjirli ta’sir ko‘rsatib, jahon iqtisodiyotining sekinlashuvi va xalqaro savdoning kamayishiga olib kelishi mumkin.

Yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi $3,5 trlnga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5−8% ga ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

“Uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlari $10 trln yo‘qotgani biz uchun qattiq „signal“ bo‘lishi kerak. Eng katta xavf — pandemiya davrida bo‘lgani kabi dunyo bo‘ylab ta’minot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo bo‘lishidadir”, — dedi prezident.

Bunday holat esa jahon eksportida yuqori ulushga ega to‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi “drayver” tarmoqlarga katta zarba berishi mumkin.

O‘ziga nisbatan eng katta import bojlari qo‘yilgan davlatlar endilikda O‘zbekiston eksport qilayotgan yo‘nalishlarga o‘z mahsuloti bilan kirish uchun agressiv savdo siyosatini yuritishi mumkinligi qayd etildi. Ya’ni, mamlakat kirib borgan ip-kalava, mato, gazlama, tayyor tekstil va maishiy texnika bozorlarida ham ayovsiz raqobat bo‘ladi.

Aprel oyi boshida AQSh dunyoning ayrim mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistondan tovarlar importiga yangi bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Bu Xitoy uchun 34% ni, Vetnam — 46%, Tayvan — 32%, Yaponiya — 24%, Janubiy Koreya — 25%, Yevropa Ittifoqi — 20% ni tashkil etadi. Aksariyat davlatlar kabi O‘zbekiston uchun ham 10% lik tarif belgilangan.

Bloomberg Economics hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi tarif siyosati jahon savdosini taxminan $33 trlnga xavf ostiga qo‘yadi va AQShga eksportni mamlakatga qarab 4−90% ga qisqartirishi mumkin. Iqtisodchilar sodir bo‘layotgan voqealarni so‘nggi yuz yil ichida xalqaro savdo tizimiga berilgan eng katta zarba deb atamoqda.

Spot bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar yangi import bojlari O‘zbekistonning tovarlarni yetkazib berish darajasiga deyarli ta’sir qilmasligini ta’kidladilar. Tariflarning mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siri juda ham kam bo‘ladi.

Markaziy bankning valyutani tartibga solish va to‘lov balansi departamenti rahbari Otabek Tojiddinov AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi O‘zbekistonning savdo balansi taqchilligini oshirishi mumkinligini qayd etgandi. Amerikaning yangi bojlari tufayli Xitoy muqobil bozorlarga, jumladan, Markaziy Osiyoga eksportni ko‘paytirishga harakat qiladi.

Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov AQSh bojlari yuzasidan munosabat bildirib, “har bir muammo yangi imkoniyat yaratishi"ni qayd etdi. Uning fikricha, AQSh yondashuvi tashkilot doirasida ko‘p tomonlama savdo tizimi qoidalarini buzsa ham, JSTni isloh qilishga qaratilgan.