Fitch Ratings O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni faol kreditlashda xatarlarni ko‘rmoqda. Bu haqda 16-aprel kuni reyting agentligi konferensiyasida Fitch bank sektori direktori Pavel Kaptel ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

Agentlik vakilining ta’kidlashicha, chakana kreditlash rivojlanmoqda, bu esa bank sektorining dollarlashuv darajasini va kreditlar konsentratsiyasini pasaytiradi, shuningdek, banklar uchun yanada foydali segment hisoblanadi.

Biroq, uning fikricha, chakana kreditlash bozorida qizish xavfi mavjud bo‘lib, bu kelgusida aktivlar sifati bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, Kaptel so‘nggi yillarda chakana kreditlashning yuqori xatarli segmentlari, jumladan, avtokreditlar va oilaviy kreditlar bo‘yicha bir qator qat’iy cheklovlarni joriy etgan Markaziy bankning faol harakatlarini qayd etdi, bu esa iste’mol kreditlari o‘sishini sekinlashtirdi.

“Mikroqarz va mikrokreditlarga e’tibor qaratsak, bu sohada vaziyat ancha barqaror, yildan-yilga sezilarli darajada o‘sish kuzatilmoqda. Shubhasiz, bu yerda past baza ko‘rsatkichi ta’siri bor, bu esa yuqori o‘sishni izohlaydi. Shu bilan birga, biz aholining haddan tashqari qarzdorlik xatari mavjudligini tan olamiz. Shu sababli, yaqin kelajakda Markaziy bank tomonidan potensial xatarlarni oldini olish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar ko‘rilishini kutmoqdamiz”, — deya ta’kidladi u.

Bundan tashqari, Fitch bank sektori direktori kichik va o‘rta biznesga e’tibor qaratdi, uni hukumat iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini oshirish drayveri sifatida rivojlantirishni maqsad qilgan. Biroq Kaptelning ta’kidlashicha, o‘rta muddatli istiqbolda bu banklar uchun aktivlar sifati bilan bog‘liq xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin.

O‘z navbatida, Markaziy bank tomonidan mikro va kichik biznesni kreditlash bo‘yicha banklarga qo‘yiladigan talablarning soddalashtirilishi kichik va o‘rta biznes segmentini kreditlash o‘sishining tezlashishiga olib keladi. Fitch beqaror tarmoqlarda, jumladan, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, qurilish sanoatida xatarlarning shakllanishini diqqat bilan kuzatish niyatida.

Kaptelning so‘zlariga ko‘ra, kichik va o‘rta biznesni kreditlashda yana bir xatar — bu valyuta kreditlari, biroq qarz oluvchilarning faqat kichik qismida eksport valyuta tushumi mavjud. Bundan tashqari, O‘zbekistonda valyuta xatarlarini sug‘urtalash vositalari mavjud emas.


Avvalroq Spot Fitch O‘zbekistondagi ayrim davlat banklarining xususiylashtirilishi yana ko‘chirilishini kutayotgani haqida yozgandi.

Agentlik joriy yil oxirigacha Aloqabank, Asakabank hamda O‘zsanoatqurilishbankni sotish vazifasini “katta ambitsiya” deb atadi.