Xorazmda mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratiladi. Bu bo‘yicha 17-aprel kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Xorazm viloyatida yangi mehmonxona qurish va uni jihozlashni rag‘batlantirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan joriy yilning 1-yanvaridan 2026-yilning yakunigacha Xorazm viloyatida investorlar tomonidan yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplashga budjetdan subsidiya beriladi.
Subsidiya miqdori toifasiz mehmonxona uchun 10 mln so‘mni, 1 yulduzli mehmonxona uchun — 15 mln so‘m hamda 2 yulduzli mehmonxona uchun 20 mln so‘mni tashkil etadi.
Bunda mablag‘lar mehmonxonaning har bir xonasi uchun ajratiladi hamda ular kamida 2 qavatdan iborat bo‘lishi lozim.
Mehmonxona subsidiya ajratilgan davrdan boshlab 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda faoliyat yuritishi kerak, Shu bilan birga, toifali mehmonxona bo‘lsa, kamida 5 yil uni saqlab qolishi shart.
O‘tgan yilning aprel oyida Surxondaryoda yangi mehmonxonalar qurish uchun subsidiya ajratish tartibi tasdiqlangandi. Mablag‘lar mehmonxonaning “yulduzi"dan qat’i nazar taqdim etiladi. Buning uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ladi.
Kuzga kelib, 2026-yilning 1-noyabrigacha modulli mehmonxona qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratilishi belgilandi. Buning uchun mehmonxona kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lishi kerak.
2024-yilda 6,5 trln so‘m investitsiya mablag‘lari hisobiga 24 ming o‘rinli mehmonxonalar ishga tushirilgan. 2025-yilda mehmon o‘rinlarini yana 30 mingga oshirish, buning uchun tadbirkorlardan 10 trln so‘m sarmoya jalb qilinishi mumkin.
Avvalroq Toshkent shahridagi High Town City majmuasi hududida 24 qavatdan iborat besh yulduzli mehmonxona qurilishi haqida xabar berilgandi.