Amerikaning Precision Neuroscience startapi miya signallarini o‘qiydigan va falaj bo‘lgan odamlarga yordam berishi mumkin bo‘lgan neyroimplantni uzoq muddatli klinik sinovlardan o‘tkazish uchun ruxsat olganini e’lon qildi.

CNBC nashri xabar qilishicha, ilgari jamoa qurilmani faqat qisqa vaqt davomida — bir necha daqiqadan ikki soatgacha va faqatgina miya operatsiyalari paytida sinab ko‘rishi mumkin edi.

Bu cheklov uzoqroq muddatli tajribalarga rasmiy ruxsatnoma yo‘qligi bilan bog‘liq edi. Endi esa kompaniya FDA tomonidan 30 kungacha cho‘zilishi mumkin bo‘lgan sinovlarni o‘tkazish uchun ruxsat oldi.

Bunday sharoitlarda neyrointerfeys hali to‘liq ishlay olmasa-da, tadqiqotchilar miya faoliyatini chuqurroq tahlil qilish va uni kompyuter tushunadigan buyruqlarga aylantirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Sinovlar uchun tasdiqlangan qurilma 1024 ta elektrodi bo‘lgan o‘ta yupqa plyonkadan iborat bo‘lib, u bevosita miya po‘stlog‘iga joylashtiriladi.

Elektrodlar nafaqat signallarni qayd etadi, balki miyaning alohida qismlarini ham qo‘zg‘atishi mumkin. Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, miya to‘qimalari bilan aloqa xavfsiz hisoblanadi.

Kelajakda Precision Neuroscience ushbu texnologiyadan og‘ir buzilishlari bo‘lgan bemorlarda harakat funksiyalari va nutqni tiklash uchun foydalanishni rejalashtirmoqda.

Yakuniy mahsulot simsiz aloqa orqali ishlaydi va miya va kompyuter o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlaydi.

Precision Neuroscience — 2021-yilda tashkil etilgan Nyu-Yorkda joylashgan va Santa-Klara (Kaliforniya), Addison (Texas) va Minneapolis (Minnesota) ofislariga ega bo‘lgan miya-kompyuter interfeysi bilan shug‘ullanadigan Amerika kompaniyasi.


Avvalroq Spot Neuralink butun dunyo bo‘ylab chiplarni o‘rnatish uchun ko‘ngillilarni izlashni boshlagani haqida yozgandi.

Avvalroq kompaniya faqat AQSh, Kanada va Buyuk Britaniya fuqarolari ariza topshirishlari mumkinligi haqida ma’lum qilgan edi.