Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Antonov aksiyalarning birlamchi joylashtirilishi (IPO) bo‘yicha izoh berdi. Bu haqda u 16-aprel kuni Fitch Ratings konferensiyasida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, IPO masalasi — bu davlat (100%) nomidan “aksiyadorning qarori” bo‘lib, u IPO’ni davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturining bir qismi sifatida ko‘rib chiqadi. 2024-yil aprel oyi oxirida prezident NKMK aksiyalarining 5%igacha bo‘lgan qismini xorijiy IPOga chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi, bu muddat 2025-yilning uchinchi choragiga to‘g‘ri keladi.
“Hozircha hech qanday aniq qarorlar qabul qilinmadi” — NKMK rahbarining birinchi o‘rinbosari.
Yevgeniy Antonovning ta’kidlashicha, hozirda NKMK aksiyadorlar uchun yanada ochiq va jozibador bo‘lishi ustida ish olib borilmoqda.
“Qachonki aksiyador tomonidan IPO bo‘yicha qaror qabul qilinsa, o‘ylaymanki, biz bunga to‘liq tayyor bo‘lamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Bundan tashqari, NKMK bosh direktorining birinchi o‘rinbosari o‘z nutqida davlat korxonasi investorlarga yevroobligatsiyalarning muntazam chiqaruvchisi bo‘lishni va’da berganini ta’kidladi.
2024-yil oktyabr oyida NKMK har biri $500 mln qiymatidagi ikki xil muddatli — 4 yillik va 7 yillik yevrobondlarning ilk chiqarilishini amalga oshirgandi. Joriy yilda esa NKMKga $500 mlnlik yevrobondlarni joylashtirish vazifasi yuklatildi.
Mart oyida Bloomberg NKMK 2025-yilning ikkinchi yarmida London fond birjasida IPO o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi. Vaziyatdan xabardor manbalarning hisob-kitoblariga ko‘ra, listing doirasida NKMK kapitallashuvi 4 mlrd funt sterlingdan ($5,2 mlrd) oshishi mumkin. IPO bo‘yicha maslahatchi sifatida Rothschild & Co investitsiya banki ishtirok etmoqda.
“Spot” NKMK matbuot xizmatiga murojaat qilib, IPO o‘tkazilishi haqidagi ma’lumotlarga izoh berishni so‘radi. Kompaniya vakillari hozircha bu masala bo‘yicha hech qanday yangilik yo‘q deya ma’lum qilishdi va agar yangi ma’lumot paydo bo‘lsa, albatta xabar beramiz deb va’da berishdi.
Yanvar oyida Rothschild & Co 2025-yilda bitta yirik davlat aktivini xususiylashtirishda ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi. Investitsiya banki vakillari bilan uchrashuvda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bilan birga NKMK bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Antonov ham ishtirok etdi.
Avvalroq Spot NKMKning 2024-yildagi daromadi rekord darajaga yetib, 30% foizga, sof foydasi esa 40%ga oshgani haqida yozgandi.