Toshkent shahrida 1 va 2 xonali xonadonlar uchun ijara narxlari tezroq arzonlashmoqda. Bu haqda hukumat huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tahlilida keltirilgan.

Institut mutaxassislari tomonidan joriy yilning mart oyida poytaxtda uy-joylar uchun taklif etilgan ijara narxlari Olx.uz platformasidan olingan ochiq ma’lumotlar asosida tahlil qilindi.

Joriy yilning birinchi choragida Toshkentda 1, 2 va 3 xonali turar joylarning o‘rtacha ijara narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada arzonlashgan. Biroq, 4 xonali uylarniki Shayxontohur tumanidagi to‘liq ta’mirdagi lyuks uylar ijarasi hisobiga biroz qimmatlashgan.

Mart oyida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxlari 2024-yilning bir xil vaqti bilan taqqoslaganda sezilarli arzonlashgan. Xususan, 1 xonali ($296) uylar uchun narx -16.6%, 2 xonali ($379) uchun -4.6% ga, 3 xonali ($454) uchun -2.9% hamda 4 xonali ($521) uchun -4.7% ga pasaydi.

Bunday uylar uchun ijara narxlari quyidagi tumanlarda taklif etilgan:

  • Sergeli: 1 xonali — $297, 2 xonali — $373, 3 xonali — $432, 4 xonali — $443;
  • Olmazor: 1 xonali — $287, 2 xonali — $347, 3 xonali — $408, 4 xonali — $474.

Nisbatan qimmat ijara narxlari esa quyidagi tumanlarga to‘g‘ri keladi:

  • Shayxontohur: 1 xonali — $345, 2 xonali — $462, 3 xonali — $582, 4 xonali — $617;
  • Yakkasaroy: 1 xonali — $381, 2 xonali — $528, 3 xonali — $616, 4 xonali — $700.

ijara, mhti, narxlar, toshkent shahri, uy-joy, uy-joy ijarasi

O‘tgan oyda to‘liq ta’mirlangan 1 xonali ($411) turar joylarning ijara narxlari 2024-yilning mos davriga nisbatan -13,1% ga, 2 xonali ($547) — -15% hamda 3 xonali ($728) xonadonlar uchun -8.5% gacha arzonlashdi. 4 xonali uylar uchun narxlar 3,1% qimmatlashib, $957 ni tashkil etdi.

To‘liq ta’mirlangan uy-joylar uchun taklif etilgan nisbatan arzon ijara narxlari quyidagi ikkita tumanda qayd etildi:

  • Sergeli: 1 xonali — $327, 2 xonali — $417, 3 xonali — $513, 4 xonali — $641;
  • Uchtepa: 1 xonali — $386, 2 xonali — $450, 3 xonali — $534, 4 xonali — $625.

Qimmat narxlar esa quyidagi tumanlarda kuzatildi:

  • Mirobod: 1 xonali — $484, 2 xonali — $731, 3 xonali — $1 027, 4 xonali — $1 328;
  • Shayxontohur: 1 xonali — $521, 2 xonali — $732, 3 xonali — $1 093, 4 xonali — $1381.

Avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi iste’mol narxlari indeksini qanday aniqlashi haqida xabar berilgandi.