Avvalroq 18-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning mamlakat soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani xabar berilgandi.

Yig‘ilishda mineral suv ishlab chiqaruvchilar 45 ta ko‘rsatkich bo‘yicha xulosa olishda 43 tasi uchun Sanepidqo‘m tizimidagi laboratoriyalarga, qolgan 2 tasi uchun boshqa laboratoriyaga borayotgani ta’kidlandi. Qo‘mitaga hamma tekshiruvni bitta joyda tashkil qilish topshirildi.

Meva-sabzavot va dukkakli ekinlar sifatini tekshirish uchun ham 3 ta tashkilotning laboratoriyasiga borish kerak.

“Eng yomoni, bu laboratoriyalarning xulosasi rivojlangan davlatlarda tan olinmaydi. Shu bois eksportchilar qimmat bozorga chiqishdan oldin sertifikat olish uchun xorijga namuna jo‘natayapti”, — dedi prezident.

Mutasaddilarga shu paytgacha birorta xalqaro tan olingan laboratoriyani olib kelmagani, eskirgan ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar chetdan keladigan vitrinali sovutkichlarni sertifikatsiyalash jarayoni 3 oygacha cho‘zilayotganini aytmoqda.

Kuryerlik xizmati korxonalari moped olib kelib, odamlarni ishli qilayotgani, lekin $300 lik mopedni standartdan o‘tkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablag‘ ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Xususiy klinikalar “O‘zbekistonga ilk bor olib kelinayotgan ayrim tibbiy uskunalarni Farmqo‘mitada ro‘yxatdan o‘tkazish xarajati ularning narxidan 10 karra qimmat”, demoqda. Shuningdek, qo‘mitada oddiy termometrni ham, MRT uskunasini ham ro‘yxatdan o‘tkazishga 4−5 oy vaqt ketayotgani aytildi.

Davlat rahbari bunday to‘lov va tartibotlar mutasaddilar tomonidan qanday chuqur o‘ylanganini savol ostiga qo‘ydi.

“Bu yondashuv to‘g‘rimi? Albatta yo‘q. Murakkabligi va xavflilik darajasiga qarab, tibbiy uskuna, tibbiy buyum va dori-darmon uchun alohida-alohida muddat belgilash kerak”, — dedi prezident.

Prezident sertifikatlashtirish va standartlashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlarini belgilab berdi.

Alohida farmon bilan Texnik tartibga solish agentligi, Sanepidqo‘m, Veterinariya qo‘mitasi, Karantin agentligi kabi idoralarning mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilab beriladi. Bunda takrorlanuvchi va ustma-ust tartiblar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Masalan:

  • oziq-ovqat mahsuloti sifati va xavfsizligi nazorati bilan faqat Sanepidqo‘m shug‘ullanadi;
  • oziq-ovqat uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi;
  • qo‘mita asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha sanitariya qoidalari va normalarini xalqaro talablarga — Kodeks Alimentariusga muvofiqlashtiradi.

Boshqa tizimlar ham xuddi shu tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, xavf darajasi yuqori bo‘lgan 7 ta tovar guruhidagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi. Sertifikat olish majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini keskin qisqartirib, mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyoti joriy qilinadi.

Asbob-uskuna, xomashyo, maxsus texnika, transport importida mamlakatimizda tan olinadigan xorijiy yuqori sifat va nazorat tizimlari mezonlari ishlab chiqiladi, ular import qilinayotganda milliy sertifikat olish talab qilinmaydi.

“Bir so‘z bilan aytganda, biz mahsulotlarning bozorga kirishini yengillashtirib, uni realizatsiyasidagi nazoratni kuchaytiramiz. Bu xalqaro amaliyotda o‘zini oqlagan”, — dedi prezident.

Mutasaddilarga “Bozor nazorati to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Sinov va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlat laboratoriyalari xususiy sektorga investitsiya kiritish sharti bilan berilsa, sohada sifat va raqobat bo‘lishi, xizmat narxi tushishi ko‘rsatib o‘tildi.