Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha tender yakunlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki bosqichda o‘tkazilgan tanlov natijasida idoralararo tender komissiyasi Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasini g‘olib deb topdi.
Loyihaga ko‘ra, keyingi qadamda 19 yillik konsessiya muddatini o‘z ichiga olgan DXSh shartnomasini tuzish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihasi doirasida g‘olib kompaniya yo‘lovchi va yuk terminallarini qurishi va boshqarishi, jumladan, yerda xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshirishi belgilangan.
Shuningdek, davlat sherigi aerodrom majmuasini qurish va boshqarish (uchish-qo‘nish yo‘lagi, perron) uchun javobgarlikni o‘ziga oladi.
“Loyihani amalga oshiruvchi jamoa Xorazm aeroportini yo‘lovchilar uchun eng zamonaviy va qulay aeroportlardan biriga aylantirib, mintaqaning xorijiy sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishiga va O‘zbekiston aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shishiga ishonamiz” — deyiladi Uzbekistan Airports kompaniyasi izohida.
Urganch aeroportini modernizatsiya qilish
2024-yil boshida bo‘lib o‘tgan prezident bilan uchrashuvda Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlarini xususiy boshqaruvga o‘tkazish rejalari ma’lum bo‘ldi.
Avgust oyida tasdiqlangan 2030-yilgacha DXShni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturiga ko‘ra, Urganch aeroportini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish belgilandi.
Loyihaning dastlabki qiymati $181 mlnni tashkil etib, Transport vazirligi, Uzbekistan Airports, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligiga bu bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmi yakunigacha loyiha bitimini imzolash topshirilgandi.
Avgust oyi boshida JUrganch xalqaro aeroportini DXSh asosida modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi uchun tender e’lon qilindi. Undan keyin, tenderda sakkizta kompaniya ishtirok etgandi, ulardan beshtasi ikkinchi yakuniy bosqichga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Incheon xalqaro aeroporti Shimoliy-Sharqiy Osiyodagi eng yirik transport markazlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya bir necha marotaba dunyoning eng rivojlangan va gavjum aeroportlari 10 taligiga kirgan. 2024-yil yakunlari bo‘yicha aeroport 70 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.
Avvalroq Andijon aeroportida yangi yo‘lovchi terminali qurish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Rekonstruksiya ishlari yakunlangach, aeroportning yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 1000 taga, parvozlar soni yiliga 3700 taga ortadi.