Milliarder Alisher Usmonovning biznesi mojaro markazida qoldi, deya xabar bermoqda The Moscow Times nashri.
Usmonovga qisman tegishli Deep Sea Mining Finance (DSMF) kompaniyasi tomonidan ijaraga olingan Coco kemasi Papua-Yangi Gvineya eksklyuziv iqtisodiy zonasida noqonuniy suv osti qazib olishda gumon qilinmoqda.
2006-yilda Nautilus Minerals kompaniyasi ishtirokida boshlangan Solwara 1 loyihasi, Usmonov 21% ulush bilan sarmoya kiritgan, dunyodagi birinchi mis va oltinni dengiz tubidan qazib olish bo‘yicha sanoat loyihasi sifatida ishlab chiqilgan.
Kon 1600 metr chuqurlikda, Yangi Irlandiya oroli qirg‘oqlaridan taxminan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shundan so‘ng, Nautilus Minerals bankrot bo‘ldi va uning konlarga bo‘lgan huquqlari DSMFga o‘tdi.
Qayd etilishocha, Papua-Yangi Gvineya mineral resurslar boshqarmasi (MRA) o‘z vaqtida faqat sinov uchun 200 tonna ma’dan qazib olishga ruxsat bergan.
Ammo Scientific American xabar berishicha, MV Coco kemasi ekipaji qazib olish samaradorligini oshirish maqsadida to‘rtta uchastkaning har biridan 600 tonnagacha ma’danni dengiz tubiga joylagan. Bu ruxsat etilgan miqdordan uch baravar ko‘p ekan.
Mahalliy huquqshunoslarning so‘zlariga ko‘ra, Nautilus tomonidan berilgan 25 yillik ekologik ruxsatnoma ham, Mineral resurslar boshqarmasining Solwara 1'ni ishlab chiqish uchun keyingi litsenziyasi ham shaffoflik bo‘yicha konstitutsiyaviy talablarga qaramay, hech qachon oshkor qilinmagan.
Mineral resurslar boshqarmasi rahbari Jerri Garrining ta’kidlashicha, agentlik xodimlari qoidalarda ko‘rsatilganidek, Coco bortida bo‘lmagan va uning o‘zi kemaning Bismark dengizida borligidan bexabar bo‘lgan.
Deep Sea Mining Finance dolzarb ekologik xulosa, xavflarni boshqarish rejasi va favqulodda vaziyatlarga javob berish strategiyasi yo‘qligida ayblanmoqda. Bu dengiz resurslariga qaram bo‘lgan qirg‘oqbo‘yi aholisi uchun xavf tug‘diradi.
Kompaniya, shuningdek, boshqa qazib olish texnologiyasini qo‘llashiga qaramay, eskirgan hujjatlardan foydalanishga uringanlikda gumon qilinmoqda.
Avvalroq Spot Alisher Usmonov va uning jiyani Buyuk Britaniya sanksiyalariga qarshi e’tiroz bildirgani haqida yozgandi.
Advokatlarning fikricha, cheklovlarni bekor qilishga erishish qiyin bo‘ladi, chunki bu jiddiy siyosiy asosga ega byurokratik jarayon hisoblanadi.