O‘zbekneftgaz Uzbekistan GTL zavodida uch oydan ortiq davom etgan rejali ta’mirlash ishlarini yakunladi. Bu haqda 16-aprel kuni Fitch Ratings konferensiyasida davlat kompaniyasi boshqaruvi raisining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Anorqulov ma’lum qildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.

“Mart oyi o‘rtalarida biz rejali ta’mirlashni yakunladik va bugungi kunda zavod 97% [quvvatda] ishlamoqda”, — dedi O‘zbekneftgaz top-menejeri.

O‘tgan yilning noyabr oyida Fitch Ratings dizel, nafta, kerosin va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish uchun 3,6 mlrd kub metr gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega Uzbekistan GTL zavodi O‘zbekneftgaz faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etgandi. Agentlik prognoziga ko‘ra, zavod faqat 2026-yilda to‘liq quvvatga chiqishi mumkin.

2024-yilning 3-dekabr kuni O‘zbekneftgaz matbuot xizmati Spot’ga Uzbekistan GTL ta’mirlash ishlari sabab yopilganini tasdiqlagandi. O‘sha vaqtda iqtisodchi Otabek Bakirov zavod 2023-yilga nisbatan 15 kun, 2022-yildagidan esa bir oy avvalroq yopilayotganini qayd etgandi. U, shuningdek, bu propan va dizel narxlarining oshishiga olib kelishi va importga bo‘lgan qaramlikni kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlagandi.

Shu bilan birga, Respublika tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) propan narxi bir kunda deyarli 4% ga oshib, bir tonnasi uchun 7,7 mln so‘mga yetdi (6-noyabrdan suyultirilgan gaz narxining yuqori chegarasi joriy etildi). Bozor ishtirokchilari propan narxining oshishini zavodning yopilishi va Uzbekistan GTL taklifining chiqib ketishi bilan bog‘ladilar — bu bozordagi eng past narxdir.

19-fevraldan keyin o‘sha paytda 7,77 mln so‘mni (hajm — 1378 tonna) tashkil etgan propan narxi keskin pasayishni boshladi. 17-aprelga kelib suyultirilgan gaz 2,5 mln so‘mdan ko‘proqqa arzonlashdi, narx esa bir tonnasi uchun 5,3 mln so‘mdan pastga tushdi (sotilgan hajm — 1478 tonna).

o‘zbekneftgaz, uzbekistan gtl

Bundan tashqari, 2025-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish deyarli 40% ga — 123,1 ming tonnadan 74,5 ming tonnaga tushib ketdi. Uning fonida esa Raqobat qo‘mitasi 26-fevraldan fermerlarni ekish mavsumida qo‘llab-quvvatlash uchun birjada dizel narxining o‘sish chegarasini belgiladi.

Uzbekistan GTL

2021-yilning dekabrida Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan GTL’ni besh yillik qurilish ishlaridan so‘ng ishga tushirgan. Zavod tabiiy gazni aviakerosin, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan gaz, nafta va boshqa mahsulotlarga qayta ishlaydi.

2022-yilning fevral oyida zavod vodorod ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi, to‘rt oydan so‘ng sintetik neft va undan dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish boshlandi. Sentyabr oyidan esa sintetik aviakerosin ham ishlab chiqarila boshlandi.

GTL dizelining birinchi partiyasi 2022-yilning iyul oyi boshida savdolardan chiqarilgan. O‘shandan beri ishlab chiqaruvchi yoqilg‘ining sotish narxini besh baravar, umumiy hisobda dastlabki narxdan deyarli 35% ga pasaytirdi.

2023-yilning yozidan boshlab Uzbekistan GTL o‘zining suyultirilgan gazini sotishni boshladi. Zavod propan-butan yoqilg‘isining birinchi partiyasini tonnasiga 3,1 mln so‘mga baholadi.

Avvalroq O‘zbekiston yanvar-fevral oylarida gazning sof eksportchisiga aylangani haqida xabar berilgandi.