O‘zbekiston xorijiy kompaniyalar bilan kosmik sohada hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu haqda O‘zbekkosmos agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik delegatsiyasining AQShga tashrifi doirasida bir nechta kompaniyalar bilan uchrashuvlar tashkil etdi. Xususan, Davids Engineering hamda Land IQ kompaniyalari bilan o‘tkazilgan muloqot doirasida qishloq xo‘jaligi ekin yerlarida sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida suv iste’moli hajmini aniqlash tajribasi o‘rganildi.

Geoaxborot tizimlari uchun dasturiy ta’minot yaratuvchi Esri kompaniyasi bilan tajriba almashish va treninglar o‘tkazish bo‘yicha takliflar o‘rganildi. O‘zbekistonda kompaniya ofisi yoki texnologik markazini ochishi, IT Park Uzbekistan rezidenti sifatida mintaqaviy bo‘linmasini tashkil etishi mumkin.

“Safarning eng muhim uchrashuvlaridan biri” bo‘lgani qayd etilgan SpaceX kompaniyasi bilan kechgan muloqotda hamkorlikning joriy holati muhokama qilindi.

Tomonlar ilmiy texnologik sun’iy yo‘ldoshni SpaceX raketasida uchirish masalasini ko‘rib chiqdi. Ushbu sun’iy yo‘ldosh o‘zbekistonlik yosh muhandislar tomonidan Yaponiyaning Kyushu texnologiya institutida yig‘ilishi rejalashtirilgan.

SpaceX kompaniyasi vakillari O‘zbekistoning “Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar — 2035” strategiyasini ishlab chiqishda dastlabki loyihani ko‘rib chiqish va takomillashtirish bo‘yicha fikr-mulohazalarini berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Delegatsiya a’zolari kompaniyaning Falcon 9 tashuvchi raketasini ishlab chiqarish jarayoni va quvvatlari bilan tanishdi.

Bundan tashqari, Space Symposium xalqaro konferensiyasi doirasida O‘zbekkosmos kosmik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi xalqaro kompaniyalar bilan quvvatlarining bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha muloqot olib bordi.

Shuningdek, agentlik mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilayotgan, sun’iy yo‘ldoshlarni harakatlantiruvchi tizimlarni (Satellite Propulsion System) loyihalash, ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va tijoratlashtirish bo‘yicha mavjud yondashuvlar, texnologiyalar va hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinib, kelishuvlarga erishildi.

Xususan, O‘zbekkosmos va Koreya Aerokosmik administratsiyasi (KASA) o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat kosmik ta’lim, fanlar va tadqiqotlar, kosmik texnologiyalarning qo‘llanilishi, sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqish, yerusti kosmik infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni nazarda tutadi.

Mamlakatning 2035-yilgacha mo‘ljallangan kosmik strategiyasini ishlab chiqishda Fransiyaning Novaspace konsalting kompaniyasi bilan konsultativ hamkorlik qilish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvga erishildi.

Tomonlar strategiya doirasida belgilanayotgan ustuvor yo‘nalishlar, metodologik yondashuvlar va xalqaro amaliyotlarni o‘rganish, rivojlanayotgan davlatlar kosmik ekotizimi, kosmik sohadagi erkin iqtisodiy zonalar tajribasi bilan tanishishni belgilab olmoqda.

Shu bilan birga, Novaspace bilan hamkorlik texnologik investitsiyalarni jalb qilish modellari, tashqi bozorlarga chiqish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratiladi.

Xalqaro Astronavtika federatsiyasi ijrochi direktori Kristian Feyxtinger bilan 2028-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro astronavtika kongressini (IAC) O‘zbekistonda tashkil etish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Hozirda ushbu forum uchun mezbonlikka da’vogar tashkilotlar takliflari qabul qilinmoqda.

2024-yilning oktabr oyida O‘zbekkosmos Amerikaning SpaceX va Britaniyaning Surrey Satellite Technology Ltd kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga kelishib oldi. Xorijiy kompaniyalar O‘zbekiston milliy kosmik dasturini yaratish bo‘yicha agentlikka ekspert maslahatlarini berishga tayyorligini bildirdi.

Joriy yil boshida agentlik Aerokosmik faoliyat va kosmik monitoring tizimini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Muhiddin Ibragimov 2035-yilgacha bo‘lgan milliy kosmik dasturni ishlab chiqilishini, buning uchun agentlik 4−5 ta konsalting kompaniyasini jalb etilganini ma’lum qildi. Hujjat 2025-yil o‘rtalarida taqdim etilishi kutilmoqda.

Avvalroq Toshkentda Yevropa Ittifoqi bilan sun’iy yo‘ldosh interneti bo‘yicha kelishuv imzolangani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun sun’iy yo‘ldosh shlyuzini ishga tushirish rejalashtirilgan.