18-aprel kuni prezidentga energetika sohasidagi vazifalar ijrosi va yangi loyihalar yuzasidan axborot berildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2035-yilga borib O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli 121 mlrd kVt/soatni tashkil etadi. 2030-yilga borib “yashil” energetikaning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushini 54%ga yetkazish rejalashtirilgan. “Eng istiqbolli yo‘nalishlar” sifatida gidroenergetika va atom energetikasi ko‘rsatilgan.
Xususan, 2025−2026-yillarda umumiy quvvati 167 megavatt bo‘lgan 2 983 ta mikro-GES barpo etish belgilangan. Ushbu loyihalar natijasida 500 mln kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 151 mln metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi.
Qurilish davrida 1 200 nafar, loyihalar ishga tushganidan keyin 520 nafar fuqaro ishli bo‘ladi.
Taqdimotda energetika vaziri joriy yilda amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha axborot berdi. Qayd etilishicha, bu yil quvvati 65 megavatt bo‘lgan 1185 ta mikro GES barpo etiladi. Ularning aksariyati tadbirkorlar tomonidan ishga tushiriladi.
Kelgusida atom enegriyasi ham bazaviy manbalardan biriga aylanishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda mamlakatda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish loyihasi ustida ish olib borilmoqda.
Bo‘lajak stansiyaning har bir bosqichi — loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida bo‘ladi, jahonning eng ilg‘or tajribalari va xavfsizlik talablari tatbiq etiladi.
“O‘zatom” agentligi rahbari shu boradagi muzokaralar va kelishuvlar, loyihaning borishi yuzasidan axborot berdi.
Rejadagi inshootlarni o‘z vaqtida ishga tushirib, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘shimcha energiya bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Energetika vazirligi rahbari “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida kichik va mikro GESlar qurilishiga xususiy biznes jalb etilishini, ular uchun loyihalar “qo‘shimcha yangi daromad manbai” bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Prezident GESlarning namunaviy loyihalarini tayyorlash, tadbirkorlarga ko‘maklashish, xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Bundan tashqari, kelajakda atom energiyasidan “bazaviy manbalardan biri” sifatida foydalanish rejalashtirilgan. Hozirda kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Loyihalashdan tortib ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlar MAGATEning “qat'iy nazorati ostida” amalga oshiriladi.
Davlat rahbari obyektlarni o‘z vaqtida ishga tushirish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘shimcha energiya bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
O‘zatom agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida mazkur yig‘ilish so‘nggi vaqtlardagi uchinchi yig‘ilish bo‘lganini aytib, atom energetikasi masalalari shaxsan prezident nazoratida ekanini ta’kidladi.
“Biz bugun ushbu loyihani eng yuqori saviyada amalga oshirish uchun Xitoy, Vengriya, shuningdek, Yevropa va Osiyoning boshqa mamlakatlari kompaniyalari konsorsiumi shakllantirilishini ma’lum qildik”, — dedi O‘zatom rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev “barcha chora-tadbirlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar” bergan, shuningdek, kichik atom elektr stansiyasini qurish loyihasining amalga oshirilishi to‘g‘risida doimiy ravishda ma’lumot berib borgan.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.
O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.
Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.