Prezident farmoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘lov evaziga yashash guvohnomasi berishni soddalashtiriladi.

Yashash ruxsatnomasi ariza beruvchiga $200 mingga, uning yaqin qarindoshlariga (turmush o‘rtog‘i, ota-onasi, farzandlari) esa $100 mingga beriladi. Hujjat 5 yil davomida amal qiladi. Yangi tartib joriy yilning 1-iyunidan kuchga kirishi kutilmoqda.

2019-yildan beri O‘zbekistonda 109 ta davlat fuqarolariga ko‘chmas mulk xarid qilish orqali yashash ruxsatnomasini olish dasturi amal qilmoqda.

Dastur ishga tushirilgan paytda uy-joy narxi joylashuviga qarab $100 mingdan $400 minggacha bo‘lishi kerak edi — eng yuqori narx Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun belgilangan.

2022-yilda prezident Toshkentda vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini rasmiylashtirish uchun talab qilinadigan ko‘chmas mulk narxini $300 minggacha pasaytirdi. O‘sha vaqtda chet elliklardan yashash uchun ruxsatnoma talab qilinmagan holda, hududlarda $70 mingdan, Toshkentda esa $150 mingdan yuqori qiymatga ega ko‘chmas mulklarni sotib olishlariga ruxsat berildi.

2022-yilning kuzida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (hozir — Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) mamlakat iqtisodiyotiga kamida $1 mln sarmoya kiritgan chet elliklarga O‘zbekiston fuqaroligiga soddalashtirilgan qabulni joriy etishni taklif qilgan edi.

2024-yil avgust oyida “oltin pasport” masalasi yana bir bor ko‘tarilgan edi. Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida Yuqorichirchiq Energy Systems kompaniyasi asoschisi Aziz Alimov mamlakat iqtisodiyotiga 10−15 mln dollar sarmoya kiritgan investorlar uchun O‘zbekiston fuqaroligini olish imkoniyatini yaratishni taklif qildi.


Avvalroq Spot AQSh yashash uchun “oltin” vizalarni $5 mlnga sotishni boshlanishi haqida yozgandi.

Prezident Donald Trampning qayd etishicha, yashash uchun ruxsatnoma Amerika iqtisodiyotiga katta sarmoya kiritadigan xorijliklarga beriladi.