O‘zbekiston va Rossiya mehnat migrantlarini ishga qabul qilishning majburiy tartiblarini Toshkentga ko‘chirish masalasini muhokama qilmoqda, deya xabar berdi Dunyo axborot agentligi.

17-aprel kuni Toshkentda Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Migratsiya agentligi va Rossiya elchixonasi mas’ul xodimlaridan iborat ikki tomonlama ishchi guruh uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida Rossiya oliy o‘quv yurtlarining Toshkent shahridagi filiallarida migratsiya tartib-taomillari, tibbiy ko‘riklar va rus tili imtihonlarini O‘zbekistonga o‘tkazish, “Pasport-viza xizmati” davlat unitar korxonasining va Saxarova ko‘p tarmoqli migratsiya markazining Toshkent shahridagi vakolatxonalari faoliyatini tiklash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, til imtihonlarini topshirishga tayyorgarlik ko‘rish markazlarini ochish, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha kurslar tashkil etish, O‘zbekistonda tibbiy ko‘rik va test o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiyot klinikasini ochish va boshqalar ko‘rib chiqildi.

Rossiya tomoni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining “Pasport-viza xizmati” davlat unitar korxonasining Toshkent shahridagi vakolatxonasi faoliyatini qayta boshlash haqidagi so‘rovini ijobiy ko‘rib chiqishga tayyorligini tasdiqladi.

Tomonlar ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishida Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillarini, shuningdek, “Saxarova” ko‘p tarmoqli migratsiya markazining Toshkentdagi vakolatxonasi xodimlari jalb etish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar.

Bundan tashqari, yuqorida muhokama qilingan masalalarni 27−30-aprel kunlari Moskva shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston-Rossiya idoralararo ishchi guruhi yig‘ilishi kun tartibiga kiritish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Fevral oyi boshida O‘zbekiston va Rossiya vakillari Toshkentdagi “Saxarova” migratsiya markazi filialida rus tilidan imtihon topshirishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olgandi.

Bundan tashqari, Migratsiya agentligi Rossiyada patent olish uchun imtihonga tayyorgarlik ko‘rish uchun saytni ishga tushirdi. O‘zbekistonliklar rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha sinov testlaridan bepul o‘tishlari mumkin.


Avvalroq Spot Migratsiya agentligi Slovakiya rekruting kompaniyasi bilan shartnoma imzolagani haqida yozgandi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Slovakiya alohida kvotalar ajratish va migratsiya oqimini raqamlashtirishga kelishib oldi.