Rossiyaning AvtoVAZ avtomobil ishlab chiqaruvchisi O‘zbekiston bozoriga Lada Granta va Iskra modellari bilan qaytishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya rahbari Maksim Sokolovga tayanib TACC nashri xabar berdi.

Sokolovning so‘zlariga ko‘ra, AvtoVAZ eksport bozorlarida o‘z ishtirokini tiklash va kengaytirishni boshlaydi.

“Birinchi navbatda, albatta, bu Belarus bozori, O‘zbekiston — u yerda 2022-yilgacha bo‘lgan savdo hajmlarimizni tiklashni xohlaymiz, va Qozog‘istonda ham”, deya ta’kidladi konsern rahbari.

Maksim Sokolovning ta’kidlashicha, AvtoVAZ Lada Granta modeliga talab mavjudligini hisobga olib, uni ishlab chiqarishni davom ettiraveradi.

Bundan tashqari, AvtoVAZ Lada Granta’ni yangi Lada Iskra modeli bilan birga O‘zbekiston va boshqa xorijiy mamlakatlarda sotishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, avtokonsern Lada Granta ishlab chiqarishdan asta-sekin voz kechadi va 19-aprel kuni Tolyattida seriyali ishlab chiqarilishi boshlangan Lada Iskra ishlab chiqarish hajmini oshiradi.

Lada’ni mahalliylashtirish

O‘zbekistonda “Lada"ning keng ko‘lamli yig‘ilishi (SKD) 2021-yil oktabr oyida boshlangan. “Roodell” kompaniyasining Jizzaxdagi “ADM” zavodida mahalliy bozor uchun uchta model — “Vesta”, “Largus”, “XRay” ishlab chiqarildi.

2022-yil iyun oyida “Roodell” “Lada"ning to‘liq ishlab chiqarish siklini ishga tushirishga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.

Zavod hududida ustaxonalar uchun yangi binolar qurish ishlari olib borilib, u yerda yangi modellarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi.

O‘tgan yilning aprel oyida “AvtoVAZ” prezidenti Maksim Sokolov O‘zbekistonda yangi “Lada Vesta” rusumli avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari haqida gapirgandi. Konsern Jizzaxda yiliga 30 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirgan.


Avvalroq Spot Leapmotor O‘zbekistonda faoliyatini rasmiy distribyutor orqali davom ettirishi haqida yozgandi.

Norasmiy olib kirilgan avtomobillarga kafolat berilmaydi hamda kompaniya tomonidan xizmatlar ko‘rsatilmaydi.