Avvalroq joriy yilning 1-mayшdan jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekistonga bojxona to‘lovlarisiz olib kiriladigan tovarlar uchun normalar pasaytirilishi haqida xabar berilgandi.
Unga ko‘ra, tovarlarni havo transportida notijorat maqsadlarda boj to‘lamasdan olib kirish $2000 dan $1000, temir yo‘l va daryo transportida — $1000 dan $500 ga, xalqaro kuryerlik jo‘natmalari — har chorak uchun $1000 dan oyiga $200 gacha kamaytiriladi.
Shu bilan birga, avtomobil va piyoda o‘tish punktlari ($300), xalqaro pochta jo‘natmalari orqali olib kelinadigan tovarlar uchun ham ($100) norma o‘zgarishsiz qoladi.
Bojxona qo‘mitasi fuqarolar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun mamlakatga olib kiriladigan tovarlar normalariga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Qo‘mita dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning soha va tarmoqlarga jiddiy ta’siri sezilayotganini, xalqaro siyosat va iqtisodiyotdagi o‘zgaruvchan munosabatlar, turli tarif va cheklovlar barcha davlatlar qatori O‘zbekistonga ham zanjirli ta’sir ko‘rsatib, jahon iqtisodiyotining sekinlashishi va xalqaro savdo kamayishiga olib kelayotganini qayd etgan.
“Xalqaro savdo hajmi $3,5 trlnga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5−8% ga ko‘tarilishi prognoz qilinayotgan bir vaqtda o‘z kuchimiz va ichki imkoniyatlarimizga tayanib, dadil qadam tashlamoqdamiz”, — deyiladi xabarda.
Hukumat tomonidan qabul qilingan ushbu hujjat esa jahon iqtisodiyotidagi keskin o‘zgarishlar, tashqi xatarlar va global raqobat sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorda adolatli raqobat muhitini ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
Bojsiz normalar miqdorining kamaytirilishi
Bojxona qo‘mitasi bojsiz normalar miqdorini xorijiy davlatlar bilan taqqoslab, bu O‘zbekistonda yuqori belgilanganini ko‘rsatishini qayd etdi.
Xususan, bu Yevropa ittifoqi davlatlarida havo transportida kirib kelganda $480 ni, avto, piyoda yoki temir yo‘l orqali olib kirishda $330 ni tashkil etadi. Turkiyadada esa transport turidan qat’iy nazar $480 miqdoridagi tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Bu me’yor Xitoyda — $722.
“Tahlillarga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni bojsiz olib kirish normalaridan tijorat maqsadlarida foydalanish ko‘lami sezilarli ravishda oshgan”, — kelitiriladi izohda.
Shu sabab, bojsiz norma qo‘llanilishi uchun fuqarolarning xorijda bo‘lish muddati belgilandi. Bu temiryo‘l va daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali kirishda 2 kun, havo transporti orqali esa 3 kunni tashkil etadi.
Bu Singapur, AQSh, Turkiya, Braziliya hamda Argentina kabi davlatlar amaliyotida mavjud. Ushbu tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi hamda tovarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Amaldagi tartibning suiste’mol qilinayotgani holatlari. Qo‘mitaning keltirishicha, tahlillar chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan fuqarolar o‘ziga tegishli bo‘lmagan tovarlarni ma’lum haq evaziga olib o‘tib berib, “tashmachilik” bilan shug‘ullanayotganini ko‘rsatmoqda.
“Ulardan ayrimlari bir oyda 100 marotabagacha chegarani kesib o‘tayotganini inobatga olsak, o‘z ehtiyoji uchun degan niqob ostida aslida tijorat maqsadidagi tovarlarni tashishayotgani oydinlashadi. Natijada, “tashmachi"lar ko‘magida yirik partiyadagi tovarlar mayda partiyalarda hech qanday bojxona to‘lovlarisiz O‘zbekiston ichki bozoriga kirib kelmoqda”, deyiladi xabarda.
Bu kabi holatlar xalqaro aeroportlarda ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xorijiy mamlakatlarga tijorat maqsadida boruvchi yo‘lovchilar va ular tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar soni so‘nggi yillarda karrasiga oshib borayotgani ta’kidlangan.
Ayrim yo‘lovchilar bir yil davomida o‘rtacha 100−150 tagacha parvozlarni amalga oshirganidan ular havo yo‘llari orqali tijorat tovarlarini shaxsiy ehtiyoj niqobi ostida olib kirishayotgani ma’lum bo‘ladi.
“Ularning umumiy soni birgina poytaxt aeroportida 500 nafardan oshadi. Ushbu yo‘lovchilarning har biri yiliga o‘rtacha 2−3 tonnagacha og‘irlikdagi tovarlarni olib kirishmoqda. Xo‘sh, „Bu tovarlar shaxsiy ehtiyoj uchunmi?“, degan savol tug‘iladi”, deya keltiradi qo‘mita.
Amaldagi qonunchilikda bunday harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
2024-yilda chegara bojxona postlari orqali 600 nafarga yaqin shaxslar tovarlarni noqonuniy olib o‘tish holatlarini takror sodir etgan. Ayrim fuqarolar bir yilda o‘rtacha 10−20 marotaba javobgarlikka tortilgan. “Yashil” yo‘lak orqali 1 190 nafar jismoniy shaxslarning 21 mlrd so‘mga yaqin tovarlarni noqonuniy olib o‘tishga bo‘lgan urinishlari aniqlangan.
Kuryerlik xizmati orqali tovar yetkazib berishdagi o‘zgarishlar
Bojxona qo‘mitasi fuqarolarga kuryerlik jo‘natmalari orqali tovarlarni bojsiz olib kirish normasi bir chorakda $1000 dan bir oyda $200 gacha kamaytirilganiga izoh berib, ushbu me’yor hozirda mamlakatga kirib kelayotgan kuryerlik jo‘natmalarining o‘rtacha qiymati $200 ni tashkil etishi asosida belgilanganini qayd etdi.
Shuningdek, Xitoyda bu $288 ni, Janubiy Koreyada — $150, Gruziyada — $125, Ukrainada — 100 yevro, Buyuk Britaniyada — $188, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida — $41 dan $175 gacha hamda Turkiyada $79 ni tashkil qilishi keltirilgan.
Bu me’yorlar faqat bojxona boji uchun amal qilib, tovarlarni olib kirishda QQS to‘liq hajmda undiriladi. O‘zbekistonda esa QQS undirilmaydi, deyiladi xabarda.
Amaldagi tartibni suiste’mol qilish holatlari. Qo‘mita kuryerlik jo‘natmalari orqali tovarlarni bojsiz olib kirish normasini suiste’mol qilib, tijorat maqsadida tovarlarni “notijorat” niqobi ostida olib kirishga urinishlar ortganini qayd etdi.
2023−2024 yillarda 1,1 mingta holatda 8,3 mlrd so‘mlik bojxona qoidalari buzilishi aniqlangan. Masalan, fuqaro K.A nomiga bir yilda 408 ta, yana bir fuqaro nomiga esa bir yilda 381 ta partiyada jo‘natmalar yuborilgani, ulardagi tovarlar shaxsiy ehtiyoj uchun emas, balki tijorat maqsadida yuborilganini ko‘rsatgan.
2024-yilda O‘zbekistonda 687 mingdan ziyod fuqarolar nomiga xorijdan o‘rtacha 8 tadan jo‘natma kelgan. Ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan qariyb 3 barobar oshib, 5,73 mlntani tashkil etdi. Bunda $167 mlnlik qariyb 22,3 ming tonna tovarlar kirib kelgan. Bu 2023-yilga nisbatan qiymat jihatidan 1,4 barobarga, miqdor jihatidan 1,3 barobarga ko‘paygan.
“Nomiga jo‘natmalar yuborilgan fuqarolarning shaxsi o‘rganilganida ular orasida vafot etgan shaxslar ham aniqlangan, aksariyat hollarda esa fuqarolar nomiga chet eldan jo‘natma kelganidan xabarlari ham yo‘q bo‘lib chiqdi”, deya qayd etadi qo‘mita.
Bunda, tovarlarni mayda partiyalarga bo‘lib fuqarolarning pasport ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanib soxta yuk-kuzatuv hujjatlari bilan mamlakatga olib kirish sxemasi qo‘llanilmoqda.
Qo‘mita yangi tartiblarni “bojsiz olib kirish me’yorlarining jahon standartlariga muvofiqlashtirilishi bilan birga, ichki bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash hamda yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi”, deya izohladi.
“Eng muhimi, ushbu o‘zgarishlar tartibli tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali tushumlarni oshirish hisobiga faqat va faqat jamiyatimiz manfaatiga, iqtisodiyotimizni barqaror o‘sishiga, tadbirkorlarimizni emin-erkin ishlashlariga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga, yangidan-yangi bog‘chalar, maktablar, tibbiyot muassasalarining qurilishiga va infrastrukturani kuchaytirishga, pirovardida odamlarimizning turmush farovonligini yaxshilashga xizmat qiladi”, deya xulosa qilgan Bojxona qo‘mitasi.
Avvalroq 1-iyuldan O‘zbekistonda barcha tovar eksportiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanishi haqida xabar berilgandi. Davlat rahbari import tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi muvofiqlashtirilishini, markirovkalash talablari ustidan nazorat kuchaytirilishini ma’lum qildi.