Telegram asoschisi Pavel Durov o‘zining rasmiy kanalida Fransiya rasmiylarining so‘nggi paytlarda barcha messenjerlarga “bekdor”ni joriy etishga urinishlariga izoh berdi.
Uning aytishicha, o‘tgan oyda Fransiya Senati ilovalardan politsiyaga foydalanuvchilar yozishmalariga kirish imkonini berishni talab qiluvchi qonunni qabul qilgan. Faqat Milliy Assambleyaning rad etishi tufayli bu qonun kuchga kirmagan.
Durov ta’kidlashicha, bunday tashabbus Fransiyani fuqarolarini messenjerlarda shifrlashdan mahrum qilgan dunyodagi birinchi davlatga aylantirgan bo‘lardi. Hatto “avtoritar obro‘ga ega” mamlakatlar ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri shifrlashni taqiqlashga jur’at etolmagan.
Uning fikricha, bunday “bekdor"ning paydo bo‘lishi juda xavfli, chunki undan faqat politsiya foydalanishiga kafolat yo‘q — xakerlar va chet el maxsus xizmatlari ham undan foydalanishi mumkin.
U ta’kidlashicha, hatto yirik messenjerlar shifrlashdan voz kechgan taqdirda ham, jinoyatchilar osonlik bilan boshqa, kamroq tanilgan messenjerlarga o‘tib, yanada ko‘proq yashirinishgan bo‘lardi.
Qonun jinoyatchilikni to‘xtata olmaydi — aksincha, oddiy foydalanuvchilarning xavfsizligini tahdid ostiga qo‘yadi.
Durov, shuningdek, Telegram 12 yillik faoliyati davomida birorta ham yozishma ma’lumotini oshkor qilmaganini va zarur bo‘lganda faqat gumonlanuvchilarning IP-manzillari va raqamlarini qonunga qat’iy rioya qilgan holda uzatishini aytdi.
“Shuning uchun, ilgari ham aytganimdek, Telegram „bekdor“ bilan shifrlashni buzib, asosiy inson huquqlarini poymol qilgandan ko‘ra, bozorni tark etishni afzal ko‘radi. Ba’zi raqiblarimizdan farqli o‘laroq, biz shaxsiy maxfiylikni bozor ulushi evaziga almashtirmaymiz”, — dedi Durov.
Shunday bo‘lsa-da, Durov bu erkinlik g‘alabasini vaqtinchalik deb hisoblaydi. Yevropa komissiyasi allaqachon shunga o‘xshash tashabbusni ilgari surgan va “maxfiylik uchun kurash har kuni davom etmoqda”.
Avvalroq Durov Fransiyada qo‘lga olinganidan keyin Telegram Yevropa qonunlariga majburiy rioya qilgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.
Telegram asoschisining so‘zlariga ko‘ra, uning 2024-yil yozida Fransiyada qo‘lga olinishi messenjer siyosatini o‘zgartirmagan. Uning ta’kidlashicha, Telegram shundoq ham har doim Yevropa qonunchiligi doirasida ishlagan.