Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni maktab ta’limi sifatini oshirish hamda pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yilgi davlat dasturida ham maktablarda sharoitlarni yaxshilash, yoshlarni bilimli etib tarbiyalash bo‘yicha ko‘plab vazifalar qo‘yilgani, bu, asosan o‘qituvchilarning bilim va malakasiga bog‘liq qayd etildi. Mamlakatda mavjud 15 ta davlat va 61 ta nodavlat oliygohidagi pedagogika yo‘nalishining ilmiy salohiyati atigi 40% gachani tashkil etadi.

Qabullarning katta qismini ijtimoiy yo‘nalishlar tashkil etishi, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagoglar tayyorlash kamligi hamda talabalarning 40%i sirtqi ta’limda o‘qishidan kelib chiqib yangi tartiblar belgilanmoqda.

Toshkent davlat pedagogika universiteti transformatsiya qilinib, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi. Kelajak pedagoglari loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Universitet barcha hududlardagi pedagogika institutlari uchun tayanch oliygoh bo‘ladi.

Yangi O‘zbekiston universitetida 40 dan ziyod chet ellik o‘qituvchilar va 30 nafar vatandosh ziyolilar faoliyat yuritmoqda. Talabalar o‘zlarining turli yo‘nalishlardagi loyihalariga jami 24,3 mlrd so‘mlik grantlar jalb qilgan.

Bu salohiyatdan foydalanib, universitetda muhandislik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, tibbiyot kabi sohalarda mutaxassislar tayyorlashni rivojlantirish, yangi laboratoriyalar ochish rejalari taqdimot qilindi.

Shuningdek, oliygohda ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini ta’minlash maqsadida Germaniya tajribasi asosida universitet klinikasini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu yil 233 ta maktabdagi 9 ming nafar 15 yoshli o‘quvchining bilimi PISA xalqaro dasturi orqali baholanadi.

Hozirgi kunda 2 mingta maktab yuqori yuklama bilan ishlayapti. Bu yil budjet hisobidan 112 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil etiladi. Aholi o‘sishi hisobiga, maktablarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun Islom taraqqiyot bankidan $200 mln jalb etib, hududlarda 58 ta maktab qurish rejalashtirilgan.

Tahlillarga ko‘ra, maktab yoshidagi bolalarning 80%i internet va ijtimoiy tarmoqlarda faol. Ularni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilyapti. Lekin, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan, qiziqarli milliy kontentlar yaratayotgan ijodkorlar kamligi aytildi.

Shundan kelib chiqib, bolalarga xavfsiz axborot muhitini yaratish, milliy kontentlarni ko‘paytirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Avvalroq O‘zbekistonda barcha maktabgacha ta’lim muassasalari quyosh suv isitgichlari bilan jihozlanishi haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, joriy yil oxirigacha bog‘chalarni to‘liq jihozlash uchun budjetdan mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.