Amerikaning Ford kompaniyasi 14-apreldan Xitoyga qimmat avtomobil modellarini yetkazib berishni to‘xtatdi, deb yozadi The Wall Street Journal xabardor manbalarga tayanib.

Ular orasida F-150 Raptor pikaplari, Bronco yo‘ltanlamaslari, Mustang sport avtomobillari, shuningdek, Linkoln bo‘linmasining Navigator yo‘ltanlamaslari bor — u Ford uchun premium segmentdagi avtomobillarni ishlab chiqaradi.

2024-yilda Ford Xitoyga ro‘yxatdagi modellardan taxminan 5500 ta avtomobil yetkazib berdi. Kompaniya so‘nggi o‘n yil davomida o‘rtacha yiliga 20 mingta shunday avtomobil olib kirgan.

2025-yil fevral oyida AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoydan import qilinadigan tovarlarga 10%lik boj joriy etilishini e’lon qildi, aprel oyida esa uni 54%gacha oshirdi. 4-aprelda Xitoy AQShdan barcha import mahsulotlariga 34%lik javob boji kiritilishini ma’lum qildi.

Ushbu xabar yozilgan paytda AQShning Xitoyga nisbatan umumiy bojlari 145%ni tashkil qilmoqda. Wall Street Journal gazetasi xabar berishicha, Xitoyning premium avtomobillarga bojlari 150%ni tashkil etmoqda. Shunga qaramay, Ford Xitoyga dvigatel va transmissiyalar eksport qilishni davom ettirmoqda.

Avvalroq AQSh Xitoy uchun bojlarni 245%gacha oshirish bilan tahdid qilgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, Pekin AQShning tariflarni oshirishiga choralar ko‘rgani sababli mamlakat bojni yana oshirish bilan javob qaytarishni rejalashtirmoqda.


Spot avvalroq Audi Tramp joriy qilgan bojlar tufayli AQShga avtomobil yetkazib berishni to‘xtatgani haqida yozgandi.

Dilerlar endi faqat yangi tariflar kuchga kirgunga qadar mamlakatga olib kirgan mashinalarini sotishlari mumkin bo‘ladi.