Oltin fyucherslari narxi tarixiy maksimumni yangiladi, bu Investing platformasi ma’lumotlaridan kelib chiqadi.
Bir unsiya narxi birinchi marta $3400dan oshdi, soat 14:46da qimmatbaho metall narxi bir unsiya uchun $3404,14ni tashkil qilmoqda
Tramp AQSh Federal zaxira tizimi raisi Jerom Pauellni lavozimidan chetlashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani tufayli oltin yangi rekordlarni o‘rnatishda davom etmoqda.
Mutaxassislar ogohlantirishicha, bunday qaror markaziy bankning mustaqillik tamoyiliga zarar yetkazishi va natijada dollarga bo‘lgan ishonchni sustlashtirishi mumkin.
Yil boshidan beri oltin AQShning yangi prezidenti Donald Trampning savdo siyosati va jahon savdosidagi keskinlikning kuchayishi fonida eng daromadli aktivga aylandi. Qimmatbaho metallarga bo‘lgan talab dunyoning markaziy banklari tomonidan sotib olinishi bilan qo‘llab-quvvatlanadi.
“Yahoo! Finance” xabar berishicha, tahlilchilar Oq uyning tarif bo‘yicha qarorlarini hisobga olgan holda oltin narxining yanada ko‘tarilishini kutmoqda. Jumladan, “Macquarie Group” vakili Markus Garvi oltin narxi ayrim hollarda $3500gacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
21-aprel kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
1 gramm oltin 1 mln 454 ming 920 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik o‘lchovli quyma 7 mln 275 ming so‘mdan sotilmoqda.