Avvalroq Korzinka supermarketlar tarmog‘i $110 mln investitsiya jalb qilgani haqida xabar berilgandi. Sarmoya Abu Dabi-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi (ADUI), O‘mon investitsiya boshqarmasi va O‘zbekiston-O‘mon investitsiya kompaniyasi (UzOman) tomonidan kiritilgan.

Anglesey Food kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov 18-aprel kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda investitsiya mablag‘larini jalb qilish tafsilotlari haqida so‘zlab berdi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali reportajida so‘z boradi.

Supermarketlar tarmog‘i asoschisi bu jarayon boshida amalga oshirilgan Londonga tashrif doirasida top-4 ta investitsiya banki bilan muzokaralar o‘tkazilganini qayd etdi.

“Qaniydi, birontasi bizni ilg‘ab investitsiya loyihamizni boshqarishga olsa edi, degan umid bilan borgandik. To‘rttala bank ham sarmoya kiritishga tayyorligini bildirishdi. Natijada bizning o‘zimiz ular o‘rtasida tanlov o‘tkazdik. Biz $110 mln oldik, lekin yana $280 mln taklif qolib, chunki bizga kerak emas edi”, — dedi tadbirkor.

Hoshimov butun dunyo bo‘ylab investorlar o‘z investitsiyasini kiritish uchun barqaror bozorlarni izlashini qayd etdi. Ularni jalb qilish uchun shaffof ishlash, tizimni yaxshilash, korporativ boshqaruv asosini joriy etish kerak.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, investitsiyalarni jalb qilgandan keyingi jarayon qiyin kechmaydi, mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda buni boshqa tadbirkorlarga ham o‘rgatish kerak.

“Dunyo bozoriga chiqib, London birjasida $110 mlnlik investitsiya jalb qilingani haqiqatdan ham O‘zbekiston nimalarga qodir ekanligidan dalolatdir. Bir narsani yodda tutinglar, tadbirkorga qarab, davlatga baho beriladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

2020-yilda Korzinka 2025-yilga kelib tarmog‘ini o‘sha paytdagi 50 ta savdo nuqtasidan 140 tagacha kengaytirish maqsadida YTTBdan $40 mln sarmoya jalb qildi.

OTB 2021-yil oxirida Korzinka uchun $12 mln ajratdi. O‘shanda mablag‘ riteylerga likvidlik va aylanma mablag‘larni oshirish hamda COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq operatsion xarajatlarni qoplash imkonini berishi qayd etilgandi.

2023-yilning noyabrida Korzinka Xalqaro moliya korporatsiyasidan taqsimlash-tarqatuv markazi qurilishi uchun $25 mlnni qabul qildi. Xuddi shu miqdordagi mablag‘ni 2024-yilning kuzida kompaniyaga KfW banki guruhidan Germaniya investitsiyalar va rivojlanish jamiyati (DEG) ajratdi.

Avvalroq Spot Burger King yaqin oylarda O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi va Toshkentda o‘z restoranlarini ochishi haqida xabar bergandi.