Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasining birinchi bosqichi bo‘yicha tender bir oyga uzaytirildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, loyiha doirasida malaka takliflari (RFQ) joriy yilning 21-mayigacha qabul qilinadi. Avvalroq bu muddat 21-aprelgacha etib belgilangandi.
Shu bilan birga, tushuntirish so‘rovlarini (Clarification Requests) taqdim qilish muddati 5-may etib belgilandi.
Vazirlik qo‘shimcha savollarni uz_tar_tender@pwc.com, avtoyul_invest@uzavtoyul.uz, tar@arup.com elektron pochtalariga jo‘natishni so‘ragan.
Tender Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ishtirokida tashkil etilgan. Xususiy sherikni tanlash bo‘yicha bosh maslahatchi Jahon banki ko‘magida mahalliy PwC, Buyuk Britaniyaning Arup and Partners hamda CMS Cameron konsorsiumi jalb qilingan.
Birinchi bosqich doirasida 171 km uzunlikdagi Toshkentdan Angrengacha bo‘lgan yo‘l hamda Qamchiq dovonini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish belgilangan.
Loyiha konsepsiyasi hukumat tomonidan 21-yanvarda tasdiqlangan. Tanlov ikki bosqichda o‘tkazilib, dastlabki malaka so‘rovini topshirishdan o‘tgan kompaniyalar loyiha bo‘yicha texnik va moliyaviy takliflarni taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
Tender g‘olibi bilan uzoq muddatli davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanadi. Unda ishtirok etishga yo‘l qurilishida tajribaga ega bo‘lganlar taklif etiladi.
Ushbu tenderga qisqa vaqtda 30 dan ortiq xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirgan. Masalan, bular qatorida Meridiam investitsiya kompaniyasi bor.
O‘zbekistonda pulli yo‘l
2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş kompaniyasi jalb qilindi.
Yil yakunida loyiha Avstriyaning ILF Consulting Engineers Austria GmbH kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.
2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak edi. O‘shanda loyiha $2,5 mlrdga baholangan. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev 2024-yilning iyun oyi oxirigacha bu pullik yo‘lning TIA ishlari yakunlanishini, uning qiymati $4,65 mlrdni tashkil etishini ma’lum qilgandi.
O‘tgan yilning avgust oyida qabul qilingan prezident qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilning dekabrida, Toshkent-Andijon yo‘lini esa 2026-yilda boshlash belgilangandi.
Toshkent-Samarqand pulli yo‘lining umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.
Umumiy uzunligi 314 km bo‘lganToshkent-Andijon yo‘lining 64%i yangidan qurilib, 36%i rekonstruksiya qilinadi. I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘ladi. 2024-yil oktabr oyida davlat rahbari har ikkala pullik avtomobil yo‘llari loyihalarini tezlashtirishni topshirib, ularni qatnov darajasi yuqori bo‘lgan uchastkalarda qurish zarurligini qayd etgandi.
Toshkent-Andijon pulli avtoyo‘lining foydalanishga topshirilishi qatnov vaqtini 5 soatdan 3 soatgacha qisqarishi, YIMni 2,6% ga oshirishi hamda avtohalokatlarni 40% ga kamaytirishi kutilmoqda.
Joriy yilning fevral oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov ushbu pullik yo‘llar qurilishi 2025-yilda boshlanishini ma’lum qilgandi. Toshkent-Samarqand yo‘li bo‘yicha ham tender boshlanishi belgilangan. Prezident barcha tender jarayonlarini qoidalar asosida, ortiqcha vaqt sarfisiz olib borishni hamda qurilish ishlarini tezroq boshlashni topshirdi.
Avvalroq Yevropa investitsiya banki O‘zbekistondagi pullik yo‘llar qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirgani haqida xabar berilgandi.