Rossiya Bosh prokuraturasi migrantlarning bank o‘tkazmalarini nazorat qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda iqtisodiyot sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi vakili Andrey Baukinga tayanib TACC nashri ma’lum qildi.

Baukin idoraning shubhali operatsiyalarni aniqlash uchun migrantlarning bank o‘tkazmalarini nazorat qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlayotganini, bu juda muhim tashabbus ekanini ta’kidladi.

“Ehtimol, qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan birinchi tashabbus — bu banklar va fuqarolarni, shu jumladan norezidentlarni ro‘yxatga oluvchi organlar o‘rtasida ma’lumot almashish haqidagi taklif,” — deb ta’kidladi u.

Baukinning qayd etishicha, hozirda plastik karta bilan kelib, hisob ochish va pul yechib olish hech qanday muammosiz amalga oshirilmoqda — banklarda migrantlar haqidagi ma’lumotlarga bunday kirish imkoniyati yo‘q.

“Ehtimol, bu mablag‘larni kim olib chiqib ketayotganini tushunishimiz uchun shunday ma’lumotlar almashinuvini tashkil etish juda muhimdir, chunki ba’zida migrantlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtobuslarda olib kelishmoqda. Ular o‘z harakatlarining oqibatlarini to‘liq anglab yetmayaptilar,” — dedi Bosh prokuratura vakili.

Avvalroq Rossiya Davlat dumasi deputati Sergey Mironov chet el fuqarolari uchun transchegaraviy pul o‘tkazmalari uchun davlat bojini joriy etishni taklif qilgandi.

“Migrantlarning aksariyati Rossiyada hech qanday soliq to‘lamaydi, mehnat muhojirlari esa davlatning to‘liq e’tiborsizligi tufayli mamlakatdan katta miqdordagi mablag‘larni olib chiqib ketmoqda”, deydi Mironov.

“Agar 3%lik boj joriy etilganda, birgina Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari g‘aznaga 45 mlrd rubldan ortiq mablag‘ qo‘shgan bo‘lardi. Nahotki bizga shunday pul kerak emas? Qonunchilik tashabbusini tayyorlab, uni Davlat dumasiga kiritamiz,” dedi parlament a’zosi.

5-fevraldan boshlab Rossiyada migrantlarga nisbatan bir qator cheklovlar kuchga kirdi.

Ular orasida maxsus chiqarib yuborish tartibi, kirish qoidalarini buzganlik va noqonuniy migrantlarga xizmat ko‘rsatganlik uchun jarimalar, shuningdek, istalmagan shaxs maqomi mavjud.

Maxsus nazorat rejimi

Huquqbuzarlik sodir etgan yoki Rossiyada noqonuniy ravishda yashayotgan muhojirlar nazorat ostidagi shaxslarning maxsus reyestriga kiritiladi.

Bu ular uchun ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotib olish, avtomobil haydash, kredit olish, nikohdan o‘tish, yangi bank hisoblarini ochish hamda mavjud hisoblardan oyiga 30 ming rubldan ortiq mablag‘ sarflash, shuningdek, mamlakat hududida erkin harakatlanish taqiqlanishini anglatadi.

Ro‘yxatga kiritilgan, migrantlar uchun maxsus muassasalarda, tergov hibsxonalarida yoki koloniyalarda bo‘lmagan chet elliklar IIVga o‘z joylashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni geolokatsiya bilan fotosuratlar orqali yuborishlari shart.

Boshqalar esa turgan joyi, Rossiyadan chiqib ketish rejalari yoki bunga to‘sqinlik qiladigan holatlar haqida politsiyani xabardor qilishlari lozim.

Ushbu qoidalarni bir necha bor buzganlik uchun mamlakatdan chiqarib yuborish ko‘zda tutilgan. Rossiyadan chiqib ketgach, migrantlar nazorat ostidagi shaxslar ro‘yxatidan o‘chiriladi.

Chiqarib yuborish va kirishni rad etish

Noqonuniy muhojirlar bir nechta ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etganidan keyin ularni chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi politsiya xodimlariga berildi. Ilgari bunday choralarni sud qo‘llashi mumkin edi.

Rossiyaga kirishni rad etish asoslari ro‘yxati chegara xizmati uchun kengaytirildi. Xususan, chet ellik shaxs Rossiya xavfsizligiga tahdid solgan taqdirda, chegara xizmati boshqa idoralarga murojaat qilmasdan bunday qarorni qabul qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Ilgari chegara xizmati faqat mamlakatga kirishda qoidabuzarlik sodir etilgandagina rad javobini bergan. Chet el fuqarosining bunday harakatlari uchun 2 ming rubldan 5 ming rublgacha jarima va ma’muriy chiqarib yuborish jazosi belgilangan.

Migrantlar uchun noqonuniy xizmatlar

Rossiya hukumati noqonuniy migrantlarga qonunchilikda taqiqlangan xizmatlarni ko‘rsatganlik uchun jarimalar joriy qildi. Ularning miqdori fuqarolar uchun 2−5 ming rubl, mansabdor shaxslar uchun — 35−50 ming rubl, yuridik shaxslar uchun — 400−500 ming rublni tashkil etadi.

Migrant bolalarning ota-onalari maqomi

Voyaga yetmagan farzandlari Rossiyada bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet ellik ota-onalar ham shunday maqomga ega bo‘ladilar. Bu qonunda belgilangan muddatda mamlakatni tark etish majburiyatini anglatadi.

Ushbu qoidalarni buzish deportatsiyaga olib kelishi mumkin. Rossiyada istalmagan bo‘lish maqomini Ichki ishlar vazirligi, Federal xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Tashqi razvedka xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Jazoni ijro etish federal xizmati va Rosfinmonitoring beradi.

Bunga mamlakatga kirishdagi qoidabuzarliklar, hujjatlarning yo‘qligi yoki yo‘qolishi, mamlakatdan chiqib ketishdan bosh tortish, mudofaa qobiliyatiga, xavfsizlikka, konstitutsiyaviy tuzum asoslariga va aholi salomatligiga tahdid sabablardan bo‘lishi mumkin.


Migratsiya siyosatini qattiqlashtirish

Ayni paytda Rossiya ichki migratsiya siyosatini kuchaytirmoqda. Masalan, mart oyida Rossiya Mehnat vazirligi o‘z mutaxassisligidan tashqari ishlayotgan mehnat muhojirlarini deportatsiya qilishni va ularni vaqtinchalik ishlash uchun maxsus hujjat olishga majburlashni taklif qilgan edi.

“Bundan tashqari, agar bunday xodim tashkiliy ishga qabul qilish ishtirokchisi bo‘lmagan boshqa korxonada ishlash istagini bildirsa, u 15 kun ichida Rossiya hududini tark etishi kerak”, deyiladi xabarda.

Aprel oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi migrantlarning yil davomida qolish muddatini 90 kungacha qisqartirishni taklif qilgan edi. Chet elliklar bo‘lish qonuniyligini elektron tasdiqlamasdan turib, ularning huquqlari cheklanishi mumkin.

Iyun oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 2016-yildan beri Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni to‘rt baravar kamayganini ta’kidlagan edi. U bir necha million o‘zbek fuqarolarining o‘z vataniga qaytishini “o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar samaradorligi” bilan izohlaydi.

Iyul oyida Rossiya Davlat dumasi mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolarni chiqarib yuborishning yangi tartibi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.

Sentabr oyida Moskva aeroportlarida 1-oktabrdan xorijliklar uchun qo‘shimcha tekshirish joriy etilishi haqida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Domodedovo, shuningdek, Sheremetevo va Vnukovo aeroportlarida Rossiyaga kelish va jo‘nab ketishda chet elliklarni suratga va barmoq izlarini olish tartibi ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, mehnat muhojirlariga oilalarini mamlakatga olib kelishni taqiqlovchi qonun loyihasi tayyorlanmoqda.

“Qarindoshlar va oilalarga kelsak, ular migrant kelgan mamlakatda kutishlari kerak”, dedi Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin. “Bu yerga hammani tashishning hojati yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi u.