Tadbirkorlarga yer soliqlari va ijara to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilmoqda. Bu prezidentning 18-aprel kuni qabul qilingan ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha farmoni bilan belgilandi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-oktabridan O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan xushbo‘ylashtiruvchi yoki rang beruvchi qo‘shimchalarsiz oq shakarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinadi. 18-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda shakarga aksiz to‘lovi olib tashlanishi ma’lum qilingandi.
Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi raisi Jamshid Xo‘jayevga shakar ishlab chiqaruvchi korxonalarning barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash topshirildi. Buning uchun ushbu kompaniyalar texnologik modernizatsiya qilinadi.
Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya bir oy ichida ishlab chiqarish uchun muhim xomashyo va uskunalar, jumladan, sut va beton tashuvchi transport vositalari hamda statsionar kuzatuv postlari importida vaqtinchalik bojxona bojlarini kamaytirish bo‘yicha qaror qabul qilishi kerak.
Yuridik shaxslar tomonidan mol-mulk va yer soliqlari hamda ijara to‘lovlari bo‘yicha hisoblangan soliq summalarini bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Bu 20 va undan ortiq ishchisi bor kompaniyalar uchun tatbiq etilib, 2025-yilning 15-iyuli hamda 1-dekabr etib belgilandi.
Tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlaridagi tadbirkorlarga foyda solig‘i (2%) hamda ijtimoiy soliq (1%) ni hisoblash uchun belgilangan tartibga qo‘shimcha kiritilmoqda.
Bunda mahsulotlarni sotishdan tushgan umumiy tushum hajmini aniqlashda, shartnomaga muvofiq daval xomashyosini qayta ishlash yuzasidan ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha olingan daromad ham inobatga olinadi.
Umumiy ovqatlanish korxonalariga to‘langan QQSning bir qismini qaytarish uchun belgilangan ushbu faoliyatdan olingan daromad tovar va xizmatlar umumiy ulushining 80%ini tashkil etishi kerak. Amalda bu 90%i edi.
Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga Bojxona qo‘mitasi bilan JST qoidalari asosida elektrotexnika sanoati mahsulotlariga import kvotalarini belgilash, ochiq va shaffof elektron onlayn-auksion tizimi orqali taqsimlash tartibini joriy etish bo‘yicha hukumatga taklif kiritish topshirildi.
Joriy yil boshidan joriy qilingan restoran va kafelarga QQSni “keshbek” sifatida qaytarish tizimidan hozirgacha faqat 69 ta umumiy ovqatlanish korxonasi foydalangan. Prezident Soliq qo‘mitasiga ushbu tartibdagi tushunmovchiliklarni tartibga solishni topshirdi.
Avvalroq biznesga elektr eneregiyasi va gaz uchun to‘lovlarni onlayn to‘lashga ruxsat berilgandi. Yuridik shaxslar mobil ilovalarda to‘lovlarni korporativ bank kartalari orqali amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.