BAA qonunchilik sohasiga sun’iy intellektni joriy etishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Financial Times nashri.

Qayd etilishicha, undan yangi qonunlarni ishlab chiqish, shuningdek, amaldagi qonunlarni tahlil qilish va yangilash uchun qo‘llaniladi.

Bu sun’iy intellektdan nafaqat avtomatlashtirish vositasi, balki qonun ijodkorligi jarayonining to‘laqonli ishtirokchisi sifatida foydalanish bo‘yicha dunyodagi birinchi tajriba bo‘ladi.

AI-driven regulation deb nomlangan loyiha o‘tgan hafta hukumat tomonidan ma’qullandi. Tashabbus doirasida qonunchilikda sun’iy intellekt faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yangi hukumat bo‘linmasi — Tartibga solish razvedka boshqarmasi tashkil etildi.

BAA vitse-prezidenti va Dubay hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning aytishicha, yangi tizim qonunlar yaratish jarayoniga yondashuvni o‘zgartirib, uni tezroq va aniqroq qilish imkoniyatini beradi. Hukumat baholashiga ko‘ra, sun’iy intellektni joriy etish qonunchilik jarayonini 70%gacha tezlashtirishi mumkin.

Sun’iy intellekt federal va mahalliy qonunlar, sud qarorlari va davlat xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni birlashtirgan keng ko‘lamli ma’lumotlar bazasini tahlil qilish uchun ishlatiladi.

Ushbu massiv asosida sun’iy intellekt mamlakatdagi mavjud ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda qonunchilikni muntazam ravishda yangilash va tuzatishlarni taklif qila oladi.

Mutaxassislar bu tashabbusni misli ko‘rilmagan deb baholashmoqda. “BAA yanada ilgarilab ketmoqda — ular sun’iy intellektni shunchaki yordamchi yoki vosita sifatida ko‘rish bilan cheklanmay, uni qonunlarning o‘ziga xos hammuallifiga aylantirishga intilmoqda,” — deya ta’kidladi Kopengagen biznes maktabi professori Roni Medaalya.

Shunday bo‘lsa-da, ko‘plab tadqiqotchilar bunday tizimlarning ishonchliligi xususida tashvish bildirmoqda. “Sun'iy intellekt hali ham noto‘g‘ri yoki „xayoliy“ javoblar berishi mumkin. Unga to‘liq ishonib bo‘lmaydi,” deya ogohlantiradi Oksford universitetining olimi Vinsent Shtraub.

Loyihaning ayniqsa xavfli jihati sun’iy intellektning bashorat qilish funksiyasi bo‘lib, u qonunchilikka oldindan o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.

Shubhalarga qaramay, tahlilchilar avtokratik tizimga ega bo‘lgan BAA davlatni raqamlashtirish masalasida demokratik davlatlarga nisbatan tezroq harakat qilish imkoniyatiga ega deya e’tirof etishmoqda. Oksford internet instituti mutaxassisi Kigen Makbrayd: “Ular tajribalar o‘tkazish uchun ko‘proq erkinlikka ega”, deb ta’kidlaydi.

Aynan qaysi sun’iy intellekt ishlatilishi hozircha ma’lum qilinmagan. Mutaxassislarning fikricha, ehtimol, bir vaqtning o‘zida bir nechta modellar qo‘llaniladi va loyihaning muvaffaqiyati nazorat sifati va aniq cheklovlarning mavjudligiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Har qanday holatda, BAA tashabbusi boshqa mamlakatlardagi qonun ijodkorligi yondashuvlariga ta’sir o‘tkazishi va sun’iy intellektni davlat institutlari faoliyatiga joriy etishda yangi me’yorni belgilashi mumkin bo‘lgan muhim o‘rnak bo‘lib qolmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanish qanday tartibga solinishi haqida yozgandi.

Qonun loyihasi bilan SI orqali yaratilgan axborotni markirovkalash, shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berganlarni 37,5 mln so‘mgacha jarimaga tortish taklif etilmoqda.