O‘zbekneftgaz 2028-yildan keyin aksiyalarni birlamchi joylashtirish (IPO) ga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda 16-aprel kuni Fitch Ratings konferensiyasida davlat kompaniyasi boshqaruvi raisining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Anorqulov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning qayd etishicha, O‘zbekneftgaz ichki IPOga harakat qilmoqda. Buning uchun davlat kompaniyasi 2021-yilda Rothschild & Co. investitsiya banki bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishda tayyorgarlik ishlarini amalga oshirdi.

“Bugungi kunda 100% tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun bozor mexanizmlari mahsulotlarimiz narxini belgilashi kerak”, — dedi Baxtiyor Anorqulov.

Xususan, 2028-yilga kelib narx shakllanishining bozor mexanizmlari qo‘llanilishi kutilmoqda, shundan so‘ng esa O‘zbekneftgaz IPO o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘radi. 2024-yilning oktabr oyida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2028-yilga borib O‘zbekiston elektr energiyasi va tabiiy gazning ulgurji bozoriga o‘tishini ma’lum qilgandi.

Anorqulovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekneftgaz'ning yillik kapital xarajatlari (CAPEX) $700−900 mlnni tashkil etadi. Asosiy vazifa geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va gaz qazib olish darajasini saqlab qolishga qaratilgan. Prognozlarga ko‘ra, 2025-yilda bu 26,5 mlrd kub metrgacha pasayishi kutilmoqda.

Shuningdek, boshqaruv raisi o‘rinbosari O‘zbekneftgaz'ning gaz zaxiralari hajmi 700 mlrd kub metrdan ortiqni tashkil etishini va bu 20 yildan ko‘proq muddatga yetishini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekneftgaz IPO’si haqida nimalar ma’lum?

O‘zbekneftgaz aksiyalarini birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) joylashtirish rejalari birinchi marta 2019-yilning yozida maʼlum bo‘lgan. Shu bilan birga, davlat kompaniya ustidan nazoratni saqlab qolishni rejalashtirgandi (51% aksiyalar).

2021-yilning sentabrida Fitch O‘zbekneftgaz'ga barqaror prognozli BB-kredit reytingini bergan bo‘lsa, keyinchalik S&P Global Ratings ham xuddi shunday baho berib, 2023-yilning dekabrida uni B+ darajasiga tushirgandi. 2021-yil noyabr oyida kompaniya o‘zining birinchi yevroobligatsiyalarini $700 mlnga chiqardi.

2022-yilning bahoirda Toshkent fond birjasi Moliya vazirligining roziligi bilan kompaniyaning oddiy aksiyalarini o‘z kotirovka varag‘iga kiritdi. Ilgari saytda faqat uning imtiyozli qog‘ozlari muomalada bo‘lgan.

Dastlab, 2024-yil IPO‘ning so‘nggi muddati sifatida belgilangandi. Biroq, Shavkat Mirziyoyev 2022-yil oxirigacha aksiyalarning kamida 49% ini birjaga chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi.

2022-yil iyul oyida Rothschild & Co investitsiya banki O‘zbekneftgaz'ga IPOni kechiktirishni tavsiya qilgandi. Konsultantlar, shuningdek, davlat kompaniyasi rahbariyatiga potensial investorlar bilan uchrashishni taklif qilgan.

Avvalroq O‘zbekneftgaz mart oyi o‘rtasida Uzbekistan GTLning 3,5 oylik ta’mirlash ishlarini yakunlagani haqida xabar berilgandi.