21-aprel kuni qabul qilingan prezident farmoni bilan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Hujjat bilan iqtisodiyotda korrupsiyaviy omillarning oldini olish uchun davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi hamda uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovutning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan chegarasidan chetga chiqmaslik belgilanmoqda. Bu talablarni buzib xaridlarni amalga oshirgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi.

2025-yilning 1-iyulidan yirik investitsiya loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

Bundan tashqari, Shaffof qurilish milliy axborot tizimi qamrovi kengaytirilib, bosqichma-bosqich xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarga joriy qilinadi. Joriy yil yakunicha xalqaro tender obyektlari bo‘yicha subpudratchilar ushbu tizim orqali jalb qilinadi.

Shu bilan birga, qiymati $2 mlngacha bo‘lgan xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan moliyalashtiriladigan mahalliy tenderlar ham bu tizimda o‘tkaziladi. Xalqaro tenderlarga jalb qilingan xorijiy pudratchilar shartnoma qiymatining kamida 60% ini o‘z kuchi bilan bajarishi belgilanadi.

2026-yilgacha vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tuman va shahar kesimida aholi tomonidan baholash tizimi joriy etiladi. Qoniqarsiz deb baholangan rahbar va hokimlar shaxsiy javobgarlikka tortiladi.

Aholining kundalik hayotida uchraydigan savollariga javob beruvchi onlayn platforma ishga tushiriladi. U sun’iy intellekt asosida ishlaydi hamda telefon orqali sodda va qulay shaklda javob olish mumkin bo‘ladi.

Mart oyi boshida davlat rahbari raisligidao‘tkazilgan yig‘ilishda fuqarolar suv, gaz, elektrga ulanish, subsidiya, pensiya va moddiy yordam olishda onlayn javob oladigan tizim bo‘lishi kerakligi qayd etilgandi. Bu ularning idorama-idora yurishining oldini oladi.

Shuningdek, davlat xaridlarida tovarlarning o‘rtacha bozor narxlari ko‘rinib turadigan elektron platforma yaratilishi va undagi ma’lumotlar tizim orqali yangilanib turilishi ma’lum qilingandi. Sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha bozor narxidan 20% dan oshmasligi shart.

Avvalroq prezident investitsiya loyihalariga yer ajratish va ruxsatnoma berish masalalarini hal etishni topshirgani haqida xabar berilgandi.