1-maydan O‘zbekistonda xorijdan bojsiz tovar olib kirish talablari kuchaytirilmoqda.

Hukumatning tegishli qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan bojxona to‘lovlarisiz mamlakatga olib kiriladigan tovarlar uchun normalar quyidagicha pasaytiriladi:

  • havo transportida — amaldagi $2000 dan $1000 ga;
  • temir yo‘l va daryo transportida — $1000 dan $500 ga;
  • xalqaro kuryerlik jo‘natmalari — har chorak uchun $1000 dan oyiga $200 gacha.

Shu bilan birga, avtomobil va piyoda o‘tish punktlari ($300), xalqaro pochta jo‘natmalari orqali olib kelinadigan tovarlar uchun ($100) normalar o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.

Endilikda fuqarolar tovarlarni bojsiz olib kirishlari uchun xorijda belgilangan muddatlargacha bo‘lishlari kerak. Bu temiryo‘l, daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali kirishda 2 kundan, havo transporti orqali esa 3 kundan kam bo‘lmasligi kerak.

Bunda olib kirilgan tovarlar uchun ularning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

Bojxona qo‘mitasi bojsiz normalar pasaytirilishini O‘zbekistonda ularning miqdorlari xorijiy davlatlarga nisbatan yuqori ekanligi bilan izohladi. Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan “shaxsiy ehtiyoji niqobi ostida” bu me’yorlardan tijorat maqsadida foydalanish holatlari oshgan.

“Tashmachilik” qilayotgan fuqarolarning ayrimlari bir oyda 100 marotabagacha chegarani kesib o‘tishi natijasida, yirik partiyadagi tovarlar mayda partiyalarda bojxona to‘lovlarisiz O‘zbekiston bozoriga kirib kelmoqda. Ayrim yo‘lovchilarning bir yilda o‘rtacha 100−150 tagacha parvozlarni amalga oshirishi ham buni tasdiqlashi qayd etilgan.

Kuryerlik jo‘natmalari uchun belgilangan me’yorning pasaytirilishi esa mamlakatga kirib kelayotgan tovarlarning o‘rtacha qiymati $200 ni tashkil etishi bilan izohlanadi. Bu kabi jo‘natmalarda ham “notijorat” niqobi ostida olib kirishga urinishlar ortgan.

Qo‘mita bojsiz olib kirish me’yorlarining “jahon standartlariga muvofiqlashtirilishi ichki bozorda sog‘lom raqobatni ta’minlash hamda yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi"ni qayd etdi.

Spot iqtisodchilar hamda biznes vakillarining yangi talablar bo‘yicha bildirgan fikrlarini o‘rganib chiqdi hamda ularni bir joyga jamladi. Jamoatchilik bu o‘zgarishlar aholi xarid imkoniyatini cheklashi, narxlarning oshishiga olib kelishi va ortiqcha moliyaviy bosimni yuzaga keltirishini ta’kidlamoqdalar.


“Tashmachilikka qarshi eng oson yo‘l — bojlarni bekor qilish”

Iqtisodchi Otabek Bakirov yangi cheklovlar bilan fuqarolarning imkoniyati ikki karra qisqarishini, qisqa muddatga xorijga chiqish xarajatlarini esa oshirishini qayd etdi.

“Kiyim-kechak yoki konditsioner olib kelish uchun O‘shga yo Chimkentga 2−3 kunga bormaysiz-ku. Mehmonxonada qolish va ovqatlanish bilan xarajatlar keskin oshadi. Tabiiyki, endi arzon bozor qilish uchun qo‘shni davlatlarga chiqib kelish amalda to‘xtaydi”, — deb yozadi u.

Bakirovga ko‘ra, tashmachilik holati sun’iy yaratilgan muammoning sababi emas, balki oqibatidir. U Bojxona qo‘mitasi izohida bu kabi muammolarning ortayotgani sabablariga to‘xtalmaganini ta’kidladi.

Iqtisodchi qo‘shni mamlakatlarda bu kabi vaziyatlar kuzatilmasligini, faqat o‘zbekistonliklarning xorijda, xususan, Dubay yoki Istanbul aeroportlarida boshqa yo‘lovchilarni ham tovar “tashmachiligi"ga jalb qilishi kabi holatlarni eslatib, buning sabablarini bojlar bilan izohladi.

“Balki „ajdarho bojlar“ mavjudligi tufaylidir? „Mahalliylashtiruvchilar“ va mahalliy „importchilar“ foydasiga kiritilgan bu bojlarni olib tashlang. Ishoning, hech kim chegara oshib, telefon yoki konditsioner olib kelishga qo‘shni davlatlarga bormaydi”, — deydi u.

Unga ko‘ra, bu normal davlatlardagi kabi tovarlar o‘zaro raqobat asosida va eng maqbul import kanallari orqali kirib kelishini, sog‘lom bozor shakllanishini ta’minlaydi, iste’molchi esa kambag‘allashmaydi.

Otabek Bakirov tashmachilikka chek qo‘yish uchun bojxona bojlarini bekor qilishga chaqirdi. Unga ko‘ra, aks holda xorijdan tovarlarni noqonuniy olib kirish holatlari davom etaveradi, bu esa kontrabanda kanallari orqali amalga oshirilishi mumkin.

“Natijada, kontrabandaga qarshi kurashish uchun yana yangi taqiqlarni o‘ylab topishga to‘g‘ri keladi. Xuddi eski zamonlardagidek, O‘zbekiston chegaralarida emas, balki ichkarida, masalan, Qamchiq dovonida yana bojxona posti qad rostlaydi”, — dedi u.

“Milliardlab o‘marilayotgan pullar oldida hech narsa”

Profi University asoschisi Bektosh Hatamov tashmachilik bilan shug‘ullanayotganlar soni, xorijdan “shaxsiy ehtiyoj” nomi ostida tijorat uchun tovar olib kirish hajmi o‘sishini yirik miqdordagi bojlar bilan bog‘ladi. Shu bilan birga, u shu paytgacha bunga jiddiy e’tibor berilmaganini tanqid qildi.

Tadbirkor tashmachilik faoliyatini jinoyatchilik bilan tenglashtirish hamda unga jinoiy javobgarlik belgilashni taklif qildi. “Sovet davrida tadbirkorlik qilish chayqovchilik sifatida ko‘rilar va jinoyat hisoblanardi. Yangi O‘zbekistonda ham tashmachilikni jinoyat deb belgilasak, nima bo‘ladi?”, — dedi u.

Davletovuz Telegram-kanali muallifi Qobil Xidirovning fikricha, 1-maydan kuchga kiradigan yangi qoidalar muammolarni hal etmaydi, 500 nafar qonunbuzar uchun 37 mln aholini jazolash esa “burgaga achchiq qilib ko‘rpani kuydirish” bilan barobar.

“Bu, aslida, bojxona ma’murchiligi yana noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini ko‘rsatadi. Negaki, bu [choralar] arzimagan mablag‘ uchun keng iste’molchilar hamjamiyatini jazolashga, hukumatni yomonotliq qilishga xizmat qiladi, xolos”, — deydi Xidirov.

Shuningdek, u Bojxona qo‘mitasi bayonotida qayd etilgan zararlar miqdori mamlakatda yuz milliard va trillionlab o‘g‘irlanayotgan mablag‘lar oldida ahamiyatsiz ko‘rinishini ta’kidladi.

“Aholi yanada kambag‘allashadi”

Bektosh Hatamov har qanday bojxona to‘lovlari oxiq-oqibat xalq zimmasiga tushishini va bu aholining qashshoqlashuviga olib kelishini qayd etdi.

“Bu har qanday iqtisodiyotga oid kitoblarda aniq qilib yozib qo‘yilgan: har qanday bojlar xalq gardaniga tushadi va xalqni qashshoqlashtiradi. Buni tushunish uchun alohida Kambag‘allikni qisqartirish vazirligini tuzish shart emas”, — dedi u.

Shuningdek, Hatamov xorijdan tovar olib kirish xarajatlarining oshishiga e’tibor qaratib, buni mobil telefon olib kirish misolida ko‘rsatib o‘tdi. Masalan, iPhone kabi telefonlarning import narxi bojlar hisobiga taxminan 20% ga oshishi mumkin. Bunga qo‘shimcha ravishda esa, mobil qurilmani UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari ham bor.

Bundan tashqari, “kamida uch kun xorijda bo‘lish” talabi qisqa muddatga xorijga chiqqan fuqarolarning mamlakatga o‘zlari bilan yangi mobil qurilma olib kirishini amalda cheklab qo‘yadi.

“500 ta odamni deb barchaga boj solish to‘g‘rimi?”

“Afsuski, bu kabi choralar umuman yaxshilikka olib kelmaydi”, deydi Texas universiteti professori, iqtisodchi Botir Qobilov. Uning fikricha, o‘rtacha va median daromadli o‘zbekistonlikning xorijga qiladigan parvozi nafaqat bir yilda, balki butun hayoti davomida ham nolga teng.

“500 nafar odam uchun butun mamlakatga boj solish qanchalik maqsadga muvofiq? Bu o‘rinli savol. Bunday ma’muriy yondashuv natijasida bojxonachilar ham, iste’molchilar ham vaqtdan yutqazadi”, — deydi Qobilov.

Endilikda aholi xorijda necha kun bo‘lganliklari, yonidagi noutbuk va telefonning qiymatini, chet eldan qancha miqdorda vitamin yoki dori-darmon buyurtma qilganliklarini yozib yurishlari hamda cheklarini saqlashlari kerak bo‘ladi.

Iqtisodchi bu kabi masalalar o‘rniga 2025-yilda vaqt va resurslarni muhimroq narsalarga qaratishga chaqirdi.

Otabek Bakirov Qobilovning ushbu fikrlariga qo‘shilgan holda, o‘rinli savol ko‘tarilganini ta’kidladi. U “2−3 kunlik qoidasi” bojxona nazorati jarayonlarida qancha vaqt sarflanishi va qanday xarajatlarga olib kelishi mumkinligiga to‘xtaldi.

“Aytaylik, yo‘lovchining chemodan $500 qiymatidagi kiyimlar, $2000 lik noutbuk va $1200 lik telefon bor. Ularning narxini kim belgilaydi? Bojxonachi hisoblab, chek so‘raydimi? Agar ularga 30% boj hamda 12% QQS qo‘llansa, jami $1134 atrofida boj undiriladimi?”, — deya savol bilan murojaat qildi iqtisodchi.

Bakirov yangi cheklovlar amaliyotda qanday ishlashini fuqarolarga oddiy misollar orqali tushuntirish zarurligini ta’kidladi. Bu, uning fikricha, turli anglashilmovchilik va tushunmovchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Iqtisodchi, shu bilan birga, quyidagi savollarni ham ilgari surdi:

  • Cheklovlarni tasdiqlashdan oldin Dubay, Istanbul yoki Olma Ota kabi yo‘nalishlardagi reyslar yoki Do‘stlik posti misolida stress-testlar o‘tkazildimi?
  • Bojxona xodimlari har bir holatda qanday hujjatlar talab qilinishi, qanday savollar berilishi va qanday harakat qilishi kerakligi bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tkazildimi?
  • Agar yo‘lovchi boj to‘lovini amalga oshirish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lmasa, qanday yo‘l tutadi?
  • Bojxona nazoratidan o‘tish vaqti qanchaga uzayishi mumkin?
  • Bu choralar budjetga qanday ta’sir qiladi?