Nilufar Ro‘ziyeva 1995-yilda Samarqand viloyatida iqtisodchilar oilasida tug‘ilgan. 2011-yilda Navoiy shahridagi Lomonosov nomidagi 1-sonli ixtisoslashgan ingliz tili maktabini imtiyozli diplom bilan tugatib, Navoiy axborot texnologiyalari kollejiga qabul qilingan.
2014-yilda Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti talabasi bo‘lib, 2018-yilda universitetning iqtisodiyot va moliya yo‘nalishini a’lo baholar bilan tamomlagan. Hozirda AQShning Nyu-York shtatidagi Cornell universitetining MBA dasturida ikkinchi bosqich magistratura talabasi.
U Spot’ga Forte Fellowship va boshqa bir qator grantlarga hujjat topshirish jarayoni va ular taqdim etadigan imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi.
Amerikagacha yo‘l: xalqaro tanlovlar va tajribalar
Oilasining ta’lim va shaxsiy rivojlanishga doimiy e’tibori Nilufarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini shakllantirgan. 1-sonli maktabda nafaqat til o‘rgangan, balki tanqidiy fikrlash, mantiqiy tahlil va mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini rivojlantirgan. 2014-yilda Toshkentdagi Vestminster universitetiga o‘qishga kirib, ta’lim olish bilan bir qatorda fakultet sardori, talabalar kengashida ta’lim va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha rahbar hamda Yoshlar yetakchisi o‘rinbosari bo‘lgan.
BMT moduli klubida delegatsiya ishlari va konferensiya boshqaruviga mas’ul kotib o‘rinbosari sifatida ham faoliyat olib borgan. 2017-yilda universitetda BMT modulining ilk xalqaro konferensiyasini tashkil etishga muvaffaq bo‘lgan.
Mehnat faoliyatini 2018-yilning may oyida xalqaro Ernst&Young kompaniyasida auditor lavozimida boshlagan. Bir yildan so‘ng, 2019-yilning fevralidan 2022-yil avgustiga qadar Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) Loyiha ofisida moliyaviy tahlilchi sifatida ishlagan. Bu yerda kombinat boshqaruv tizimini takomillashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va investitsiyalarni jalb etish jarayonlarida qatnashgan.
Bilim va tajribalarini oshirish hamda eng yaxshi biznes-keyslarni o‘rganish maqsadida 2021−2022-yillar mobaynida Amerikadagi 12 ta universitetning (Cornell, Chicago Booth, Duke, NYU va boshqalar) MBA dasturlariga hujjat topshirgan va barchasidan shartsiz qabul xatini olgan. O‘qish uchun Cornell universitetini tanlagan va hozirda 2-kursda ta’lim olmoqda.
Foto: Nilufar Ro‘ziyevaning shaxsiy arxividan
Nega aynan Amerika?
Bunga bir nechta sabablari bor. Men sifatli ta’lim olib, eng yaxshi karyera imkoniyatlarini ochishni va yetuk mutaxassislardan tajriba olishni istadim. Dunyoning eng nufuzli biznes maktablari AQShda joylashgani bejiz emas, chunki bu mamlakat moliya, texnologiya va tadbirkorlik sohalarida yetakchilardan hisoblanadi.
AQSh universitetlari, ayniqsa Ivy League va yetakchi biznes maktablari turli sohalardagi yetakchilarni o‘ziga jalb qiladi. Bu yerda ilg‘or tadqiqot olib boruvchi professorlardan tortib, Fortune 500 kompaniyalari mutaxassislarigacha bo‘lgan tajribali insonlar dars beradi.
Masalan, Goldman Sachs, J.P. Morgan, Morgan Stanley kabi kompaniyalar rahbarlari universitetlarga tashrif buyurib tajribalari bilan o‘rtoqlashadi. Bu an’anaviy ta’limdan tashqari haqiqiy hayotdagi yetakchilardan o‘rganish imkoniyatini beradi.
AQSh ta’lim tizimi nazariyadan tashqari haqiqiy biznes muammolarini hal qilish va amaliy yondashuvga asoslangan. Talabalar kompaniyalarning strategiyalarini tahlil qilib, amaliy tajriba orttirishadi. Bu davlat iqtisodiy jihatdan yetakchi bo‘lgani sababli universitetlar talabalarga stajirovka va ish imkoniyatlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ochadi.
Bundan tashqari, universitetlar moslashuvchan ta’lim tizimiga ega. Talabalar o‘z yo‘nalishini erkin shakllantirib, turli fanlarni birlashtirish orqali ko‘p yo‘nalishli bilim oladi. Bu ularning shaxsiy va professional rivojlanishiga yordam beradi.
Mening yakuniy qarorimga moliyaviy qo‘llab-quvvatlash muhim ta’sir ko‘rsatdi. AQSh universitetlarida o‘qish qimmat — ikki yillik dastur $120−140 ming atrofida. Biroq, ularning grant fondlari iqtidorli talabalar uchun katta imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, universitetlar xalqaro jamg‘armalar, korporatsiyalar va moliyaviy dasturlar bilan hamkorlik qilib, qo‘shimcha moliyaviy yordam taklif qiladi. Oddiy oiladan chiqqan talaba sifatida bu imkoniyatdan grant va stipendiyalar orqali foydalandim.
Universitetga hujjat topshirish jarayoni
AQSh universitetlariga hujjat topshirish bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Odatda, yil davomida to‘rt marta ariza topshirish mumkin:
- 1-bosqich — sentabr-oktabr;
- 2-bosqich — yanvar;
- 3-bosqich — fevral;
- 4-bosqich — aprel.
Grant va stipendiya olish imkoniyati yuqori bo‘lgani sababli, hujjatni 1 yoki 2-bosqichda topshirish tavsiya etiladi.
Hujjat topshirish jarayoni ariza to‘ldirish bilan boshlanadi, bu esa quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Rezyume (CV) — ish tajribasi, yutuqlar, loyihalar va yetakchilik qobiliyatlari aks ettiriladi. MBA dasturlarida aynan ish tajribasiga katta e’tibor beriladi
- Insholar (3−4 ta) — motivatsiya, qisqa va uzoq muddatli maqsadlar, oliyggoh jamoasiga qo‘shiladigan hissa va universitetning bu maqsadlarga erishishda qanday yordam berishi haqida yoziladi. Ba’zilari video-insho ham talab qiladi
- Diplom va baholar transkripti (GPA)
- Test natijalari (GMAT/GRE) va Ingliz tili sertifikati (IELTS/TOEFL)
- Tavsiya xatlari (Recommendations) — odatda 2−3 ta tavsiya xati talab qilinadi. Ular nomzodning akademik yoki kasbiy salohiyatini, yetakchilik sifatlarini yoritib beradi. Ular korxona rahbarlari, mentorlar yoki bevosita ishlagan rahbarlar tomonidan yozilishi maqsadga muvofiq.
Agar nomzod birinchi bosqichdan o‘tsa, u intervyuga taklif qilinadi. Intervyu davomiyligi universitetga bog‘liq holda 30 daqiqadan 2 soatgacha bo‘lishi mumkin.
Oliygoh tanlash va hujjat topshirish strategiyasi
Hujjat topshirishdan avval har bir universitetning kuchli tomonlarini sinchiklab o‘rgandim. Hatto eng yuqori reytingdagi universitetlar ham turli sohalarga ixtisoslashgani bois ularning afzalliklari farqlanadi. Masalan, ayrim universitetlar konsalting bo‘yicha yetakchi, boshqalari investitsiyaviy bank sohasida kuchli, yana boshqalari esa tadbirkorlik va startaplarga e’tibor qaratadi.
Sharqiy sohil universitetlari (Harvard, Wharton, Cornell) Wall Street va yirik moliyaviy korporatsiyalarga yaqinligi sababli ko‘proq moliya va konsaltingga yo‘naltirilgan. G‘arbiy sohil universitetlari (Stanford, Berkeley) esa Kremniy vodiysi ta’siri ostida texnologiya, innovatsiyalar va tadbirkorlikka urg‘u beradi. Shu bois reytingdagi o‘rindan ko‘ra, universitetning mening shaxsiy maqsadlarimga mosligi muhim edi.
Foto: shaxsiy arxiv
Hujjat topshirish strategiyam bilan bo‘lishadigan bo‘lsam: 1-bosqichda — TOP-25 universitetlarning 6 tasiga hujjat topshirdim. 2-bosqichda esa TOP-15 universitetlarning yana 6 tasiga murojaat qildim. Universitetlar haqida chuqurroq tushuncha olish uchun bitiruvchilar va talabalar bilan ham muloqot qildim. Hatto investitsiya banklaridan birining bosh direktori bilan ham suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Ana shu pallada maqsad sari intilishda faol netvorking va maslahat so‘rashdan hech qachon tortinmaslik zarurligini angladim.
Natijada barcha universitetlardan intervyu taklifini oldim. Cornell va Chicago Booth bilan suhbatlarim bir soatdan ortiq davom etib, tajribam, maqsadlarim va universitetga qo‘shadigan hissam batafsil muhokama qilindi. Ushbu intervyular aniq, ishonchli va uzoq muddatli rejalarimni asoslab bera oladigan javoblarni talab qildi. Oxir-oqibat, barcha universitetlardan qabul xatini olib, $90 mingdan $120 minggacha bo‘lgan stipendiyalarga ega bo‘ldim. Bu esa universitet tanlashimda hal qiluvchi omil bo‘ldi.
Cornell universitetini tanlashimning asosiy sabablari esa quyidagilar:
- Ivy League a’zosi bo‘lishi va investitsiya bankchiligi bo‘yicha kuchli tayyorgarlik berishi;
- Cornell MBA bitiruvchilari investitsiya banklarida ishlovchi mutaxassislar soni bo‘yicha TOP-3 o‘rinda turadi;
- Nyu-Yorkdagi joylashuvi eng yaxshi karyera imkoniyatlariga ega bo‘lishim va professional tarmoq yaratishimni osonlashtiradi;
- Stipendiya va ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarining mavjudligi.
Bu qarorim shaxsiy hayotimdagi eng muhim strategik tanlovim edi va bugungi kunda tanlagan mana shu yo‘lim xato bo‘lmaganini ko‘rib turibman.
Forte Fellowship granti haqida
Forte Foundation— ayollarning biznes sohasida rivojlanishini qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro nodavlat tashkilot bo‘lib, yetakchilik qobiliyatlarini oshirish va professional o‘sishni rag‘batlantirish bilan shug‘ullanadi. Forte Fellowship esa yuqori akademik natijalarga, kuchli yetakchilik qobiliyatiga va katta potensialga ega ayollarga taqdim etiladi.
Forte Foundation stipendiyasi tanlab olingan nomzodlarga o‘qish to‘lovi uchun to‘liq yoki qisman ($5-$140 minggacha) moliyaviy yordam ko‘rsatishi mumkin. Stipendiya nafaqat moliyaviy yordam, balki biznes yetakchilari bilan netvorking, mentorlik dasturlari va karyera rivoji uchun resurslar, yetakchi kompaniyalar ishtirokidagi maxsus tadbirlarga takliflar hamda global ayollar yetakchilari jamiyatining bir qismi bo‘lish imkoniyatini beradi.
Forte ayollarga MBA bosqichidan oldin ham qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatadi — maxsus tadbirlar va forumlar tashkil etadi, bu esa yetakchi kompaniyalar (investitsiya banklari, konsalting firmalari, texnologik gigantlar) bilan aloqa o‘rnatish va karyera yo‘lini belgilash imkonini yaratadi.
Stipendiya olish uchun avvalo Forte Foundation a’zosi bo‘lish va uning dasturlarida faol qatnashish lozim. Men ushbu tashkilotga 2021-yilda a’zo bo‘lganman. Forte Fellowship uchun alohida ariza berish shart emas, u MBA dasturiga asoslangan bo‘lib, Forte Foundation hamkor universitetlaridan biriga MBA arizasini topshirish orqali ko‘rib chiqiladi. A’zolikni ko‘rsatish kifoya.
Aksariyat hollarda stipendiya avtomatik beriladi, biroq ba’zi universitetlar qo‘shimcha material talab qilishi mumkin. Misol uchun, yetakchilik va biznesdagi ayollarga qo‘shgan hissasi haqida qo‘shimcha savollar yoki Forte qadriyatlariga moslik, ayollarni qo‘llab-quvvatlash hamda kelajakda Forte hamjamiyatidagi rol haqida insho.
Tashkilotga a’zo bo‘lgach, uning imkoniyatlaridan faol foydalandim. Ular Forte MBA Forums, Forte MBA Launch kabi dasturlar, GMAT/GRE tayyorgarligi, intervyu va MBA arizalari bo‘yicha murabbiylik taklif qiladi.
Foto: Forte konferensiyadan. Shaxsiy arxiv
A’zolik (fellowship) olganimdan so‘ng, yillik yirik konferensiyalar va professional tarmoq tadbirlariga taklif oldim. 2023-yilda Dallasda Forte konferensiyasida qatnashdim, xarajatlar tashkilot tomonidan qoplandi. Ikki kunlik anjumanda kompaniya va bank vakillari hamda muvaffaqiyatli ayollar bilan uchrashdim.
Bundan tashqari, Forte jamg‘armasi moliya sohasida karyeraviy o‘sishni istayotgan ayollar uchun ta’lim dasturlari, jumladan, Wall-Street ishlariga tayyorgarlik kurslarini taklif qiladi. Meni MBA Financial services fast track dasturiga taklif qilishdi, u yerda uch kun davomida investitsiya banklari bilan yopiq tadbirlarga (faqat taklifnoma asosida) qatnashdim.
Forte Fellowship men uchun nafaqat moliyaviy yordam, balki katta maqsadlarga erishishda ilhomlantiruvchi muvaffaqiyatli ayollar jamoasiga kirish kaliti bo‘ldi. Ma’lumot o‘rnida, universitet stipendiyasi ham, Forte Fellowship ham faqat o‘qish xarajatlarini (tuition fee) qoplaydi.
Bundan tashqari, men Investment Banking Diversity & Merit Scholarship stipendiyasini ham qo‘lga kiritganman. Ushbu grant akademik yutuqlar va yetakchilik qobiliyatlariga asoslanib beriladi — uni qo‘lga kiritish oson emas.
Stipendiya uchun qanday hujjatlar talab etiladi? Buning uchun, talabgordan rezyume (CV) — nomzodning akademik va professional yutuqlari aks etgan hujjat kerak bo‘ladi. Shuningdek, motivatsion insho, tavsiya xatlari (ba'zi banklar talab qiladi) hamda akademik yutuqlar talab etiladi.
Grantni taklif etayotgan bank yoki tashkilotga qarab ariza muddatlari farq qilishi mumkin. Odatda, qabul jarayoni sentyabr oyida ochilib, noyabr oyida yopiladi. Ariza topshirilgandan so‘ng nomzod kamida 10 ta suhbat bosqichidan o‘tadi, bu esa jarayonning yuqori darajada selektivligini ko‘rsatadi.
MBA dasturlarida mavjud bo‘lgan korporativ stipendiyalar
MBA dasturlarida yirik xalqaro kompaniyalar eng iqtidorli nomzodlar uchun turli grant va stipendiyalar taqdim etadi.
Investment Banking Diversity & Merit Scholarships — Goldman Sachs, J.P. Morgan, Morgan Stanley, Bank of America kabi yetakchi investitsiya banklari tomonidan moliyalashtiriladi. Ushbu stipendiyalar $40−80 ming miqdoridagi grantlar hamda $50 ming-60 ming miqdoridagi bonuslarini o‘z ichiga oladi.
Investitsiya banklarining qabul qilish darajasi 1%dan ham kam, ya’ni unga kirish Garvard va Yelga kirishdan ham qiyin. Bu esa grantni qo‘lga kiritish ikki baravar qiyinligini anglatadi. Odatda, grant akademik va professional yutuqlari yuqori bo‘lgan yoki moliya sohasida kam uchraydigan guruhlarga mansub nomzodlarga beriladi.
Consulting & Tech Scholarships — McKinsey, BCG, Bain, Google, Microsoft kabi konsalting va texnologiya kompaniyalari tomonidan taqdim etiladi. Ushbu grantlar $20−50 ming miqdoridagi moliyaviy yordam va bonuslarni o‘z ichiga oladi. Ko‘pincha, stipendiya olgan nomzodlardan MBAdan keyin ushbu kompaniyalarda amaliyot o‘tash yoki ish shartnomasini imzolash talab qilinadi.
Foto: PEI investitsiya bankida yozgi amaliyotchilar. Shaxsiy arxiv
Employer Sponsorships — Ayrim kompaniyalar o‘z xodimlariga agar ular o‘qishni tugatgach, kompaniyaga qaytib ishlashga rozi bo‘lishsa MBA ta’limini to‘liq moliyalashtirib berishadi. Xususiy investitsiya, xedj-fondlar va yirik banklar kelajakdagi yetakchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun bunday dasturlarni taklif qiladi.
Ushbu grant va stipendiyalar nafaqat o‘qish xarajatlarini kamaytiradi, balki xalqaro miqyosdagi yirik kompaniyalardagi faoliyat yo‘lini ochishga yordam beradi. Ularga ega bo‘lish uchun nomzod kuchli profil, yuqori akademik natijalar va faol netvorking ko‘rsatishi lozim.
To‘liq grant ajratishda ko‘proq e’tibor qaratiladigan jihatlar
AQSh universitetlarida grant yoki to‘liq moliyaviy yordam bir nechta asosiy omillarga bog‘liq. Har bir universitet yoki shtat o‘ziga xos mezonlarga e’tibor qaratadi, biroq umumiy jihatdan to‘liq grantga ega bo‘lish uchun quyidagi mezonlarga mos kelish muhim hisoblanadi:
Birinchidan — akademik tayyorgarlik. Universitetlar GPA (o‘rtacha baho), test natijalari (GMAT, GRE, SAT, TOEFL) va ilmiy tadqiqot yoki akademik tajribaga katta e’tibor berishadi. Akademik tayyorgarlik darajasi stipendiya olish imkoniyatini oshiradi, biroq bu yakuniy qaror uchun yagona mezon emas. To‘liq yoki qisman moliyaviy yordam ajratilishi bir nechta omillar asosida belgilanadi.
Ikkinchidan — yetakchilik qobiliyati va o‘qishdan tashqari faollik. Universitetlar nomzodning jamiyatga ta’sir qila olish qobiliyatini, boshqalarni ilhomlantirish va yetakchilik qilish salohiyatini baholaydi. Bu talaba tashkilotlari, ko‘ngillilik loyihalari, biznes tashabbuslari yoki startaplardagi ishtirok bo‘lishi mumkin.
Uchinchidan — professional tajriba va kasbiy yutuqlar. Ayniqsa MBA va magistratura dasturlari uchun bu juda muhim. Universitetlar va grant fondlari siz ishlagan kompaniyalar, amalga oshirgan loyihalaringiz, o‘qishdan keyingi maqsadlaringiz va universitetga qanday hissa qo‘shishingiz mumkinligini hisobga olishadi.
To‘rtinchidan — nomzodning noyobligi. Ko‘plab universitetlar va fondlar o‘ziga xos qadriyat yoki tajribaga ega bo‘lgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlashadi. Masalan, men stipendiyasini olgan Forté Foundation ayol liderlarni qo‘llab-quvvatlaydi va jamiyatda ayollar rivojiga hissa qo‘sha oladigan nomzodlarni izlaydi.
Foto: Forte konferensiyasida. Shaxsiy arxiv
Ta’lim tizimi va xalqaro talabalar uchun rasmiy ish dasturlari
AQSh ta’lim tizimi moslashuvchanlik, amaliy yondashuv va sanoat bilan mustahkam aloqalar bilan ajralib turadi. Universitetlarda talabalar o‘zlari kurslarni tanlash, turli yo‘nalishlarni birlashtirish va ma’lum sohaga ixtisoslashish imkoniyatiga ega. Shuningdek, o‘qitish keyslar, muhokamalar va guruh loyihalari orqali olib boriladi, bu esa tanqidiy fikrlash va haqiqiy biznes muammolarini hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.
Talabalarning ishlash imkoniyati. AQSh universitetlarida talabalar ta’lim bilan birga ishlashlari mumkin, ammo haftasiga 20 soatdan oshmaydigan cheklovlar mavjud.
Men o‘quv assistenti (Teaching Assistant) sifatida faoliyat yuritaman. Bunda moliyaviy modellashtirish va moliyaviy hisobot tahlili bo‘yicha darsliklar tayyorlash, uy ishlarini va imtixon javoblarini tekshirish va talabalar bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazish bilan shug‘ullanaman. Shuningdek, Greentech Innovation Fellow sifatida Cornell PhD tadqiqotchisi bilan barqaror texnologiyalar bo‘yicha ilmiy ish olib boryapmiz.
Agar AQShda chet ellik talabalar rasmiy ruxsat bilan amaliyot o‘tash va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlashsa, buning uchun ikkita asosiy dastur mavjud:
CPT (Curricular Practical Training) — talabalarga o‘qish davomida amaliyot o‘tash imkoniyatini beradi. Amaliyot akademik dastur bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. MBA talabalari uchun muhim, chunki yozgi amaliyot (internship) odatda investitsion banklar, konsalting kompaniyalari yoki texnologik startaplarda o‘tkaziladi.
OPT (Optional Practical Training) — talabalarga bitirganidan keyin 12 oy ishlash imkoniyatini beradi. STEM-mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olganlar uchun 36 oygacha uzaytirilishi mumkin. Bu dastur xalqaro ish tajribasiga ega bo‘lish va kasbiy kelajakni mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.
MBA dasturlarida yozgi amaliyot juda muhim bo‘lib, talabalar kelajakdagi ish faoliyatlarini shu tajriba orqali belgilab oladilar. Men ham 2024-yilda birinchi kursni muvaffaqiyatli yakunlagach, iyundan-avgustgacha Nyu-Yorkdagi “PEI Global Partners” investitsiya bankida stajirovka o‘tdim. Ushbu dasturga qabul qilingan yagona ayol bo‘lib, boshqa stajyorlar Harvard, Stanford, MIT, Columbia va Wharton universitetlaridan edi. Stajirovka davomida energetika va texnologik sektordagi M&A (kompaniyalarning qo‘shilish va sotib olinishi jarayoni) bitimlari ustida ishladim, moliyaviy modellashtirish, bozor tahlili va strategik tavsiyalar tayyorlash bo‘yicha tajriba orttirdim.
Stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlagach, PEI Global Partners’dagi tajribam tufayli UBS'dan ish taklifini oldim. Men UBS’ning texnologiyaga ixtisoslashgan investitsiya bankchilik jamoasiga qo‘shildim. Asosiy e’tiborim dasturiy ta’minot va yarim o‘tkazgichlar (semiconductor) sektorlaridagi M&A va IPO bitimlariga qaratilib, yirik texnologik kompaniyalar bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldim.
Viza olish jarayoni
AQShga talabalar vizasini olish jarayoni bir necha muhim bosqichlardan iborat.
Birinchi bosqich, universitetga qabul qilinganlikni tasdiqlovchi I-20 hujjatini olishdan boshlanadi. Hujjat talaba vizasiga ariza topshirish uchun asosiy talab hisoblanadi. Undan so‘ng SEVIS (Student and Exchange Visitor Information System) tizimida ro‘yxatdan o‘tish uchun maxsus to‘lov amalga oshiriladi. Bu talabaning AQSh immigratsiya nazorati tizimiga kiritilganini tasdiqlaydi.
Keyingi bosqichda AQSh vizasiga ariza berish uchun DS-160 elektron anketasi to‘ldirilib, konsullik yig‘imi (viza to‘lovi) amalga oshiriladi. So‘ngra, AQSh elchixonasida intervyuga yozilish uchun uchrashuv belgilab, kerakli hujjatlar tayyorlanadi:
- Pasport.
- I-20 shakli.
- DS-160 anketasining tasdiqlangan nusxasi.
- Moliyaviy hujjatlar (o‘qish va yashash xarajatlarini qoplash imkoniyatini tasdiqlovchi hujjatlar).
- Universitetdan qabul xati hamda boshqa zarur hujjatlar.
AQSh elchixonasida suhbatdan o‘tish jarayonida odatda o‘qish maqsadi, kelajak rejalari hamda moliyaviy imkoniyatlar haqida savollar beriladi. Suhbat paytida barcha hujjatlar topshiriladi va konsulning savollariga ishonch bilan javob berish muhim ahamiyatni kasb etadi.
Agar viza ma’qullansa, pasportga viza qo‘yilib, bir necha kun ichida yetkazib beriladi. Oldindan tayyorgarlik ko‘rish hujjatlarni to‘g‘ri tartibga keltirish jarayonni tezlashtirishga yordam beradi.
O‘rtacha oylik xarajatlar
Talabalarning oylik xarajatlari shahar va shtatga qarab sezilarli darajada farq qiladi. Masalan, Nyu-York va Kaliforniyada yashash narxi kichikroq shaharlar bilan solishtirganda sezilarli darajada yuqori. Shaxsiy tajribamga asoslanib, o‘rtacha xarajatlar quyidagicha:
- Uy-joy ijarasi: $800−1500 (qaramog‘iga oluvchi shaxs bo‘lmasa, yakka yoki sherik bilan yashash mumkin).
- Oziq-ovqat: $300−600 (o‘zingiz pishirish yoki restoran va kafelarda ovqatlanish odatlariga bog‘liq).
- Transport: $100−150 (metro, avtobus yoki shaxsiy avtomobil xarajatlari).
- Kiyim-kechak: o‘z ehtiyojlaringizga bog‘liq, lekin bu katta xarajatlar qatoriga kirmaydi.
- Madaniy hordiq (ko‘ngilochar tadbirlar, restoranlar, kinoteatrlar, san’at tadbirlari): $200−500.
Umumiy hisobda, AQShdagi talabalar uchun oylik yashash xarajatlari taxminan $1500−4000 atrofida bo‘lishi mumkin.
Amerikaga moslashishdagi qiyinchiliklar
Umuman olganda, boshqa vatandoshlarimiz qatori men uchun ham AQShga moslashish bir oz vaqt talab qildi. Bu jarayon nisbatan qulay kechgan bo‘lsa-da ba’zi qiyinchiliklar ham bor edi. Misol uchun, amerikaliklar do‘stona va muloqotga moyil bo‘lsa-da, boshqalarning shaxsiy hayotiga nisbatan qat’iy hurmat saqlanadi va darhol siz bilan samimiy do‘st bo‘lib ketishmaydi.
MBA dasturlarida ishga qabul jarayoni deyarli o‘qishga qabul qilinishi bilan birga boshlanadi. Agar talabalar netvorkingga e’tibor bermasa, istalgan lavozimni egallash imkoniyatlari ancha kamayadi. Bu menga qulay hududdan chiqishni talab qildi, chunki faqat darslarga e’tibor qaratish yetarli emas, balki industriya mutaxassislari bilan muloqot qilish, ish yarmarkalarida va forumlarda qatnashish zarur bo‘ldi.
AQShda, ayniqsa investitsion banklar, konsalting va moliya sohalarida ko‘pchilik 80−100 soatdan ortiq ishlaydi. Eng ajablanarlisi, odamlar ish kunining oxirida shunchaki dam olish uchun uyga qaytmaydi, balki restoran yoki netvorking tadbirlariga borib, professional aloqalarini rivojlantirishda davom etadi. Ba’zida shaxsiy vaqt deyarli yo‘qdek tuyuladi, tunda atigi 2−3 soat uxlash oddiy holatga aylanishi mumkin.
Foto: Cornell MBA talabalari bilan. Shaxsiy arxiv
Rejalar
Yaqin orada ta’limni muvaffaqiyatli yakunlab, xalqaro tajriba orttirishni faol davom etmoqchiman. Uzoq muddatli maqsadlarimga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, eng avvalo, O‘zbekiston iqtisodiyotiga hissa qo‘shishdir. Xususan, kapital bozorlari infratuzilmasini rivojlantirish, mahalliy kompaniyalarni xalqaro moliyaviy bozorlarga, jumladan, AQSh fond bozoriga chiqarishda ko‘maklashish orqali mamlakatimizning global maydondagi raqobatbardoshligini oshirishni maqsad qilganman.
Bundan tashqari, Forte Foundation konsepsiyasidan ilhomlangan holda, biznes va moliya sohasida ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nodavlat tashkilot tashkil qilishni rejalashtiryapman. Asosiy maqsadiim — biznes va moliya sohalarida muvaffaqiyatga erishgan ayollar jamiyatini yaratish, mentorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda ta’lim va stipendiya imkoniyatlarini ta’minlash. Bu orqali o‘sib kelayotgan qizlarni ham katta yutuqlarga erishishlariga ilhomlantirish mumkin bo‘ladi.
Men Navoiy shahridan chiqqan oddiy qiz sifatida xalqaro ta’lim va investitsion bank sohasida martaba qurishda qanday qiyinchiliklar mavjudligini bilaman. Biroq, hikoyam: agar inson o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ysa, qat’iyat va harakat bilan ularni amalga oshirish mumkinligini isbotlaydi. Agar men bunga erisha olgan bo‘lsam, demak hamyurtlarim ham bunga qodir — faqat o‘ziga ishonish va kattaroq marralar sari intilish kerak.