Shavkat Mirziyoyevga 21-aprel kuni investitsiya sohasida joriy yil birinchi chorakda qilingan ishlar hamda keyingi vazifalar bo‘yicha axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning dastlabki uch oyida $8,7 mlrddan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 20% ga ko‘pdir.

Ushbu mablag‘lar energetika, metallurgiya, kimyo, farmatsevtika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, kommunal va ijtimoiy sohalardagi loyihalarga yo‘naltirilmoqda. Bunda qo‘shilgan qiymat va ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Birinchi yarim yillik yakuni bilan $18 mlrddan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi kutilmoqda. 2025-yilda $42 mlrd xorijiy investitsiya jalb etilishi, 81 ta yirik, 8 mingdan ortiq o‘rta va kichik loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Mutasaddilarga har bir loyiha bo‘yicha manzilli ishlab, barcha vazirlik, hokimlik va tarmoq rahbarlarini jalb qilib, tegishli masalalarni o‘z vaqtida hal etib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlar sharoitida har bir investor bilan yaqindan ishlab, xorijiy sarmoyalar samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Asosiy vazifa sifatida yangi investitsiya loyihalarini tezroq ishga tushirib, sanoat tarmoqlarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish hamda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish muhimligi qayd etildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida joriy yilning ikkinchi choragida O‘zbekiston rekord darajadagi $10 mlrdlik investitsiyalarni o‘zlashtirishni rejalashtirayotganini qayd etib, qo‘yilgan maqsadga erishish mumkinligiga ishonch bildirdi.

investitsiya, prezident

“Investitsiya loyihalarini tez va samarali amalga oshirish uchun yer masalalarini hal qilish, infratuzilma va ruxsatnomalar kabi muhim yo‘nalishlarda aniq chora-tadbirlarni ko‘rish topshirildi. Asosiy maqsad xorijiy investorlar uchun ishonchli, qulay va barqaror muhit yaratishga qaratilgan”, — dedi u.

Shuningdek, vazir joriy yil yakuni bilan $42 mlrd miqdorida investitsiyalarni o‘zlashtirishni ta’minlash vazifasi belgilab berilganini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Toshkent davlat pedagogika universiteti transformatsiya qilinib, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.