Malayziya kompaniyasi Toshkent viloyatida golf kompleksi qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya vakillari Malayziyaga tashrif doirasida bir qator yirik ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvlar olib bordi.
The Mines Resort and Golf Club kompaniyasi bilan o‘tgan muzokaralarda viloyatda “serhasham kurort zona” tashkil etishga kelishildi.
Loyiha o‘z ichiga zamonaviy golf-klubi va mehmonxona majmuasini qurishni oladi hamda buning uchun Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlaridan hududlar taklif etildi.
Qayd etilishicha, ushbu yirik loyiha uchun 100 gektar atrofida maqbul yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Delegatsiya The Food Base kompaniyasi bilan tabiiy shakarni qayta ishlab undan kaloriyasiz granulalar olish loyihasi bo‘yicha muhokama o‘tkazdi. Shuningdek, vegeterian proteindan go‘sht va fast-fud mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Righ Food kompaniyasi bilan ham muloqotlar o‘tkazildi.
2023-yilning oktabrida Janubiy Koreyaning kompaniyasi Dream Build Team bilan Farg‘onada golf maydonini qurish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
2024-yil boshida Global OSB kompaniyasi O‘zbekistonda elektr golf karalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishi ma’lum bo‘lgandi.