22-aprel o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha bilan soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, to‘lovlardan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy normalar ko‘rib chiqilmoqda.

Xususan, sudga qadar va sud muhokamasi davomida yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan taqdirda javobgarlikdan ozod qilish belgilanmoqda.

Shuningdek, vakolatli organlarning tergovgacha tekshiruv harakatlari hamda ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq vakolatlari aniqlashtirilmoqda.

Soliq sohasidagi huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha hisoblangan mablag‘lar tergov organi depozit hisob raqamidan budjetga o‘tkazilguniga qadar penya hisoblanmaydi.

Mulkdorning yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda, mulkning bozor qiymatida to‘lab berilgan kompensatsiya miqdorini soliq daromadi tarkibiga kiritmaslik belgilanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi huquqbuzarliklarning oldini olishi, soliq tushumlarini ta’minlashi, tadbirkorlarga teng raqobat sharoitini yaratishi hamda ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishi kutilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Avvalroq tadbirkorlarga mol-mulk, yer hamda ijara to‘lovlari bo‘yicha soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilishi ma’lum qilingandi.