Yashnobod tumani hokimligi 21-aprel kuni Sodiq Azimov ko‘chasidagi TESTO chuchvaraxonasi va boshqa bir nechta umumiy ovqatlanish shoxobchalarida elektr ta’minotini o‘chirib qo‘ydi. Bu haqda tarmoq asoschisi Zamira Rahmonova ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, bungacha tuman hokimligi muassasaning fasadi va unga tutash hududni rekonstruksiya qilish bo‘yicha bir qator talablarni ilgari surgan. Ular o‘tgan hafta, 18-aprel kuni poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning “gastronomik” ko‘chani tashkil etish ishlari bilan tanishish uchun tashrifidan so‘ng e’lon qilingan edi.
TESTO’ga 1-maygacha “yozgi hududni zonalashtirishni yakunlash, bruschatka yotqizish, fasadni ta’mirlash va tutash hududni obodonlashtirish” topshirildi. Ko‘rsatma va ogohlantirishlar faqat og‘zaki shaklda, rasmiy hujjatlarsiz berilgan, deyiladi xabarda.
Kompaniya hokimlik bilan hamkorlik qilishga va barcha talablarni bajarishga tayyorligini ta’kidladi. Shu bilan birga, barcha ishlar TESTO hisobidan amalga oshiriladi, shuning uchun Rahmonova moliyaviy muammolar va kredit yukidan qochish uchun ishlarni bajarishning “qulay muddatlarini mustaqil ravishda belgilashni” so‘radi.
Shuningdek, u ma’muriyat harakatlarining qonuniyligiga shubha bildirdi. “Tayyor obodonlashtirish rejasining yo‘qligi elektr ta’minotini o‘chirishga asos bo‘la oladimi?” — deya so‘radi tadbirkor ayol.
Bundan tashqari, Rahmanova mijozlarni yo‘qotish va buzilgan yarim tayyor mahsulotlar tufayli yetkazilgan zararlarni qoplash mavzusiga to‘xtaldi. Nafaqat TESTO, balki qo‘shni muassasalar ham elektr ta’minotisiz qolgan, shu sababli ushbu ko‘chadagi biznes faoliyatida to‘xtash kuzatilgan.
“Biz turistik ko‘chani yaratish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz, biroq bunday choralar faoliyat yuritayotgan korxonalarga zarar yetkazmasligi kerak, deb hisoblaymiz,” — deya ta’kidladi TESTO asoschisi.
Sodiq Azimov ko‘chasida 2024-yilning avgust oyidan beri ta’mirlash ishlari olib borilmoqda (bo‘lajak “gastronomik” ko‘cha loyihasi esa oktabr oyida e’lon qilingan — Spot). Uning doirasida TESTO muassasa konsepsiyasiga mos kelmaydigan fasad dizaynini taklif qildi. Kompaniya o‘z hisobidan brendning o‘ziga xosligini hisobga olgan holda loyiha ishlab chiqishga qaror qilgan.
Kichik biznes uchun ochiq e’lon qilish — manfaatlarni himoya qilishning yagona usuli, deya qayd etdi Rahmonova. Shuningdek, u “biznes va hokimiyat organlari o‘rtasida tizimli yondashuv, ochiq muloqot va o‘zaro hurmat” zarurligini ta’kidladi.
Poytaxt hokimligi Sodiq Azimov ko‘chasida elektr ta’minotining o‘chirilishining Umurzoqov tashrifi bilan “hech qanday aloqasi yo‘q"ligini va qasddan qilinmaganini ma’lum qildi. “Vaqtinchalik texnik nosozliklar” bir necha soat ichida bartaraf etildi, deya qo‘shimcha qildi hokimlik.
Mart oyida Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov poytaxtdagi 26 ta ko‘chada jami 40 km uzunlikdagi 24/7 ko‘chalar tashkil etish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Ularda mingdan ortiq yangi tadbirkorlik nuqtalari ochilib, 5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Avvalroq poytaxt hokimligi uzluksiz ishlaydigan “gastronomik” ko‘chalarni tashkil etish uchun joylar tadbirkorlik faoliyatini hisobga olgan holda tanlanganini bildirgandi.