O‘tgan yilning oktabr oyida Markaziy bank Humans’ga qarashli Maroqand to‘lov tashkiloti (UPay brendi) litsenziyasini olti oyga to‘xtatib qo‘ygandi. Xususan, to‘lovlarni qabul qilish va o‘tkazish xizmatlari cheklandi.
Joriy yilning mart oyiga kelib, ushbu to‘lov tashkilotiga kiritilgan cheklov muddati yakunlandi. Bu haqda Markaziy rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Joriy yilning 26-mart kuni e’lon qilingan xabarga ko‘ra, regulyator bank nazorati qo‘mitasining qaroriga asosan Maroqand to‘lov tashkilotining ayrim to‘lov xizmatlarini ko‘rsatishiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilindi.
Ayni paytda Humans ilovasi to‘liq ishlayotgani va ilovada o‘tkazmalarni amalga oshirish mumkinligi qayd etilmoqda.
Gap nima haqida?
2024-yilning sentabr oyida Markaziy bank UPay savdo belgisiga ega Humans sho‘ba korxonasi bo‘lgan Maroqand to‘lov tashkiloti faoliyatini olti oyga to‘xtatib qo‘ydi. Bunga to‘lov tashkilotining taqiqlangan xizmatlar, jumladan, qimor o‘yinlari bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirgani sabab bo‘ldi.
Xususan, tashkilotning elektron to‘lovlarga ishlov berish, pul mablag‘larini fuqarolarga o‘tkazish uchun zarur axborotni bankka taqdim etish hamda bank hisobvarag‘idan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish va amalga oshirish xizmatlari cheklandi.
Undan keyin, Humans regulyatorning xatti-harakatlari qonunchilikni buzishi, “bozorni adolatli tartibga solish tamoyillariga zid va biznes yuritish uchun jiddiy to‘siqlar yaratishi"ni bildirdi. Kompaniya qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha oldindan ko‘rsatma olmaganini va cheklovlar sababini OAV orqali bilib olgan.
O‘tgan yilning oktabr oyi oxirida Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Mamarizo Nurmuratov Maroqand to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalari yarim yilga cheklanishi yuzasidan Humans kompaniyasining bildirgan e’tirozlariga izoh berdi.
“Humans Maroqand to‘lov tashkilotining to‘lov agentidir. Biz mazkur to‘lov tashkilotini noqonuniy operatsiyalar bilan shug‘ullanayotgani borasida bank qo‘mitasiga chaqirib ogohlantirganmiz. Biz to‘lov tashkilotining agentini ogohlantirmaymiz, to‘lov tashkilotini ogohlantiramiz”, — degandi u.
Nurmuratov to‘lov tashkiloti qimor o‘yinlari bo‘yicha aholi mablag‘larini bukmekerlik kompaniyalariga o‘tkazish bilan shug‘ullangani sabab, yarim yilga faoliyati to‘xtatilganini qayd etdi.
Avvalroq Spot Markaziy bank 5 ta bankka nisbatan jarima qo‘llagani haqida yozgandi. Shu bilan birga, fevral oyida regulyator 3 ta bankka chora va sanksiyalar bo‘yicha ogohlantirish berdi.