AQSh Kambodja, Tailand, Vetnam va Malayziyadan quyosh panellari importiga bojlarni 3521%gacha oshiradi, deya xabar bermoqda Bloomberg.
E’lon qilingan bojlar bir yilga yaqin davom etgan savdo tekshiruvi natijasi bo‘lib, AQSh Savdo vazirligi bir yil davomida Osiyo quyosh panellari bo‘yicha tergov olib borgan.
Idoraning xulosa qilishicha, Xitoy boj to‘lovlaridan qochish maqsadida ushbu mamlakatlar orqali AQShga yashirin tarzda panellar yetkazib bergan.
2024-yilda to‘rtta mamlakatdan AQShga $12,9 mlrdlik quyosh energiyasi uskunalari import qilingan bo‘lib, bu ushbu sohadagi umumiy import hajmining 77%ini tashkil etdi.
Tergov doirasida hamkorlik qilishdan bosh tortgan Kambodja uchun umummilliy bojlar 3521% darajasida belgilandi. Vetnamdagi ayrim kompaniyalar uchun 395,9%, Tailandda 375,2% miqdorida bojlar o‘rnatildi, Malayziya uchun boj stavkasi esa 34%ni tashkil etdi.
Jinko Solar kompaniyasi uchun Vetnamdan eksport qilishda 245%, Malayziyadan esa 40% miqdorida bojlar qo‘llaniladi. Trina Solar kompaniyasining Tailanddagi filialiga 375%, Vetnamdagisiga esa 200%dan ortiq boj solindi.
Vetnamdan keltirilgan JA Solar uskunalariga taxminan 120% miqdorida bojlar qo‘llaniladi. Kelib chiqishi xitoylik bo‘lgan ushbu kompaniyalarning barchasining aksiyalariga yangi choralar faqat ozgina ta’sir ko‘rsatdi. Trina qimmatli qog‘ozlari narxi 1,6%ga, Jinko — 0,9%ga, JA Solar — 0,1%ga tushdi.
Surishtiruv Amerika quyosh energiyasi ishlab chiqaruvchilari tashabbusi bilan o‘tkazilgan va u AQShning avvalgi prezidenti Jo Bayden davrida boshlangan.
Bojlar AQShdagi shunga o‘xshash uskunalarni ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, biroq ular uzoq vaqt davomida arzon import mahsulotlariga tayanib kelgan mahalliy qayta tiklanadigan energiya tizimlari ishlab chiqaruvchilariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Natijada, Vashingtondagi siyosiy o‘zgarishlardan allaqachon zarar ko‘rgan sohada noaniqlik holati yanada kuchayadi.
Avvalroq Spot Ford Xitoyga qimmat avtomobillar yetkazib berishni to‘xtatgani haqida yozgandi.
Bunga Xitoyning premium modeldagi avtomobillar importiga bojlarni 150%gacha oshirgani sabab bo‘lgan.