WhatsApp messenjeri shaxsiy stikerlar to‘plamini yaratish funksiyasini yaxshiladi. Bu haqda ishlab chiquvchilar jamoasi vakiliga tayanib, 9to5Mac yozmoqda.
Ilgari stikerpaklar yaratish usuli uncha qulay emas edi. Ayniqsa, foydalanuvchilar o‘zlari tayyorlagan bunday tasvirlarni qidirishda va yuborishda qiyinchiliklarga duch kelishardi. Endi bu jarayon ancha osonlashadi.
Foydalanuvchilarga stikerlarni bir nechta papkada saqlash imkoniyati berildi. Buning uchun kerakli tasvirlarni tanlash va ekrandagi maxsus tugmani bosish kifoya. Bundan tashqari, endi to‘plamlarni boshqa odamlar bilan ulashish ham mumkin bo‘ldi. Ilgari har bir rasmni alohida-alohida yuborishga to‘g‘ri kelardi.
Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, stikerlar chatlarda muloqotni yanada quvnoq va shaxsiy qilish imkonini beradi. Foydalanuvchilar har qanday rasmni, masalan, quvnoq selfi yoki uy hayvoni suratlarini stikerga aylantirish imkoniyatiga ega.
Avvalroq WhatsApp chatlar, qo‘ng‘iroqlar va kanallar uchun yangi funksiyalarni taqdim etgandi. Bu orqali messenjer Telegram va Discord kabi mashhur xizmatlar bilan raqobatlashishni davom ettirmoqda.
Shuningdek, WhatsApp yangi funksiyani taqdim qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Funksiya foydalanuvchilarga fotosurat va videolarini kim va qanday saqlayotganini nazorat qilish imkonini beradi.