Sun’iy intellekt (SI) tomonidan yaratilgan virtual xodimlar 2026-yildayoq yirik korporatsiyalarda to‘laqonli ish o‘rniga ega bo‘ladi Bu haqda Anthropic texnologiya kompaniyasi top-menejeri Jeyson Klintonga tayanib Axios nashri xabar berdi.

Klintonning so‘zlariga ko‘ra, ularda alohida lavozimlar, korporativ hisoblar va parollar bo‘ladi. Ish joylarida virtual xodimlarning paydo bo‘lishi sun’iy intellekt rivojlanishida yangi bosqich bo‘ladi.

Shu bilan birga, u kompaniyalar uchun bu xavfsizlikka qo‘shimcha xavf tug‘dirishi haqida ogohlantirdi.

“Bu dunyoda biz hali xavfsizlik nuqtai nazaridan hal qilmagan, ammo hal qilishimiz kerak bo‘lgan juda ko‘p muammolar bor,” — dedi Klinton Axios nashriga.

Anthropic top-menejerining tushuntirishicha, sun’iy intellektga asoslangan xodimlar nazoratdan chiqib ketishi va kompaniyaning ichki tizimlarini buzishi mumkin.

Bundan tashqari, korporativ boshqaruv masalalarida ham muammolar yuzaga keladi. Jeyson Klintonning aniqlik kiritishicha, kompaniyada turli hisoblar uchun qancha ma’lumot mavjudligini kuzatish qiyin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi hollarda bu korporativ ma’lumotlarning sizib chiqishiga olib keladi.


Avvalroq Bloomberg sun’iy intellekt tufayli yaqin 3−5 yil ichida dunyo banklari 200 mingga yaqin ish o‘rinlarini qisqarishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, banklarning “back office”, xatarlarni nazorat qilish boshqarmasi hamda operatsion bo‘linmalari xodimlarni sun’iy intellektga almashtirish xavfiga eng ko‘p duch keladi.

Shuningdek, Bill Geyts sun’iy intellekt o‘n yildan so‘ng shifokorlar va o‘qituvchilarning o‘rnini egallashi haqida fikr bildirgandi.

Geytsga ko‘ra, sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalarning tez rivojlanishi tibbiy xizmat ko‘rsatish va tashxis qo‘yishni yaxshilashdan tortib, sun’iy intellekt repetitorlari va virtual yordamchilarning keng tarqalishigacha bo‘lgan sohalarda kuzatiladi.