Yevrokomissiya monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgani uchun Apple’ga $570 mln va Meta’ga $228 mln jarima soldi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Regulyatorning fikricha, Apple ilova ishlab chiquvchilarni cheklaydi, Meta esa foydalanuvchilarni ma’lumotlarni baham ko‘rishga yoki xizmatlarda reklamani o‘chirish uchun pul to‘lashga majbur qiladi.

Jarimalar yirik raqamli platformalarni tartibga solishga qaratilgan raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonunga (DMA) muvofiq belgilangan, deb yozadi Reuters.

Tekshiruv davomida Yevrokomissiya Apple ishlab chiquvchilarga App Store’ni chetlab o‘tgan holda to‘lovlarni qabul qilishga to‘sqinlik qiluvchi texnik cheklovlarni bartaraf etmaganini aniqladi.

Kompaniya jarimani “adolatsiz” deb atadi va uning ustidan shikoyat qilish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Meta “to‘la yoki rozi bo‘l” modelini qo‘llagani uchun jarimaga tortildi. Bu model foydalanuvchilardan xizmatlardan foydalanish uchun shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashga va reklama olishga rozilik berishni yoki reklamasiz foydalanish uchun to‘lov qilishni talab etadi.

Kompaniya o‘z navbatida Yevrokomissiyani Amerika va Yevropa kompaniyalariga nisbatan turli xil mezonlarni qo‘llashda aybladi.

Yevrokomissiyaning ogohlantirishicha, har ikkala kompaniya ham 60 kun ichida qoidabuzarliklarni bartaraf etishi shart, aks holda ularga qayta jarima solish ehtimoli mavjud.

2024-yil yanvar oyida Apple Yevropa Ittifoqida iOS ilovalarining uchinchi tomon do‘konlaridan foydalanishga ruxsat berishini e’lon qildi va aprel oyida ishga tushirdi. O‘shanda Yevrokomissiya kompaniyani iPad uchun xuddi shunday o‘zgartirishlar kiritishga majbur qildi.


Avvalroq Braziliya sudi Apple va Google kompaniyalarini $3 mln miqdorida jarimaga tortgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, ikkala kompaniya FaceApp ilovasi orqali foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy yig‘ishda ayblanmoqda.