Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni elektrotexnika sohasida joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar va navbatdagi vazifalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi yetti yilda tarmoqda eksport hajmi 7 barobarga o‘sgan, geografiyasi 63 ta davlatga yetgan. Dastlabki uch oyda ishlab chiqarish hajmi 7 trln so‘mdan oshgan bo‘lsa, eksport 1,3 baravar o‘sish bilan qariyb $310 mlnga yetgan.
Shu davrda $55 mln investitsiya o‘zlashtirilgan. Shundan $48 mlni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar hisoblanadi. Hozirda ushbu tarmoqdagi 500 ga yaqin korxonalarda 27 mingdan ziyod fuqarolar ishlaydi.
Xorijiy brendlar ostida xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati $900 mlnga teng loyihalar shakllantirildi. Ayni paytda texnik jarayonlarni kelishish, zarur texnologiyalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilda ishlab chiqarish hajmini 43 trln so‘mga yettkazish, qariyb 5 trln so‘mlik mahsulotlarni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Umumiy qiymati $656 mlnlik 71 ta loyihani amalga oshirib, 4 600 ta ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. Eksport miqdori $1,7 mlrdga, geografiyasi 68 ta mamlakatga yetishi kutilmoqda.
Davlat rahbari dunyodagi iqtisodiy tebranishlar sharoitida elektrotexnika sanoatida ham rivojlanish trayektoriyasini to‘g‘ri tanlab, bozor talablariga tez moslashish muhimligini ta’kidladi. Mahalliylashtirishni chuqurlashtirib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olish, zamonaviy texnologiyalarga munosib malakali kadrlar tayyorlash zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga tarmoqdagi har bir korxona bilan ishlab, sanoat va logistika zanjirlarida yuzaga keladigan masalalarni hal etish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilib, yangi bozorlar topish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
O‘zeltexsanoat uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida tanqidiy kechgan taqdimotda ichki bozorni raqobatbardosh va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berilganini qayd etdi. Elektrotexnika mahsulotlari eksportini kengaytirish topshirildi.
“Jahondagi nobarqaror muhitda elektrotexnika sanoatining tayyorgarligini oshirish, yangicha yondashuvlarni belgilash, yangi bozorlarga yangi mahsulotlar bilan kirish yuzasidan topshiriqlar bo‘ldi. Bunda mamlakatda mavjud xomashyoni chuqur qayta ishlashga e’tibor qaratish va bunday korxonalarga qo‘shimcha sharoitlarni yaratish belgilandi”, — dedi u.
Shuningdek, Yunusov joriy yil oxirigacha Ohangaronda joylashgan Mis klasterida beshta loyihani ishga tushirish ko‘zda tutilganini ma’lum qildi. Uning doirasida qanday mahsulotlar ishlab chiqarish, qo‘shilgan qiymat hajmini yaratish hamda qaysi mamlakatlarga eksport qilish rejalari belgilangan.
Prezident ushbu sohaga xalqaro yirik kompaniyalarni jalb qilishni hamda bu orqali uchinchi davlatlarga eksportni amalga oshirishni topshirdi.