Instagram Edits video muharririni ishga tushirdi, deya xabar bermoqda The Verge nashri.

Ijtimoiy tarmoq uni 2025-yil yanvar oyida taqdim etgan. Endi ilova iOS va Android uchun mavjud.

Edits video muharririda foydalanuvchilar katalogdan musiqa tanlashlari, video yoki tasvirga effektlar qo‘shishlari, filtrlarni qo‘llashlari, subtitrlar yoki matnlar kiritishlari, obyektni kesib olishlari va boshqa funksiyalardan foydalanishlari mumkin.

Tayyor videoni qurilmada HD, 2K yoki 4K formatida saqlash va Instagram yoki Facebook’da ulashish mumkin.

Shuningdek, kamera va video tasmasi joylashgan bo‘limlar ham mavjud. Video tasmadagi roliklardan o‘z loyihalari uchun musiqa ko‘chirib olish mumkin.

Instagram’dagi xatcho‘plarga videolar qo‘shish va eslatmalar qoldirish mumkin. Yana bir bo‘limda ko‘rishlar haqidagi ma’lumotlar keltirilgan.

Hozirda barcha funksiyalar bepul. Ammo Instagram rahbari Adam Mosseri kelajakda pullik funksiyalar paydo bo‘lishi mumkinligini aytdi, deb yozadi TechCrunch.

Nashrning ta’kidlashicha, ByteDance (TikTok egasi) kompaniyasining CapCut video muharriridan farqli, Edits foydalanuvchilari suv belgilarisiz videolarni bepul eksport qilishlari mumkin.


Avvalroq Spot Instagram o‘smirlar akkauntlarini aniqlovchi sun’iy intellektni qo‘shgani haqida yozgandi.

Agar tizim akkaunt voyaga yetmagan shaxsga tegishli deb gumon qilsa, uning maxfiylik sozlamalari avtomatik tarzda o‘smirlar rejimiga o‘tkaziladi.

Bunda foydalanuvchi profili yopiq holatga keladi, notanish odamlar birinchi bo‘lib xabar yoza olmaydi va kontent cheklanadi.