Intel 21 mingga yaqin xodimni ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Bloomberg nashri.
Ishdan bo‘shatishlar 2025-yil 27-aprelgacha bo‘lgan hafta ichida e’lon qilinadi. Bu 2024-yil avgustdagi qisqartirishlardan keyin sodir bo‘ladi — o‘shanda 19 ming xodim ishdan bo‘shatilgan edi.
Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil oxirida Intel kompaniyasida 108 mingga yaqin xodim ishlagan. Shunday qilib, taxminan 21 ming kishi ishdan bo‘shatilishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, qaror kompaniya boshqaruvini optimallashtirishga va “muhandislik madaniyatini qayta tiklash"ga urinish sifatida qabul qilingan. Bu yangi bosh direktor Lip-Bu Tan davrida amalga oshiriladigan birinchi yirik qayta tashkil etish jarayoni bo‘ladi.
Nashrning ta’kidlashicha, so‘nggi uch yil davomida Intel’ning savdo hajmi faqat pasayib, zararlar esa ko‘payib borgan.
2025-yil 24-aprelda kompaniya yilning birinchi choragi bo‘yicha hisobot berishni rejalashtirmoqda. Tahlilchilar “eng qiyin davr ortda qoldi” deb bashorat qilmoqdalar, biroq savdo hajmining avvalgi darajasiga qaytishini kutishmayapti.
Reuters’ning xabar berishicha, Tan Intel tuzilmasi va mikrosxemalarni ishlab chiqarish usullarida sezilarli o‘zgarishlarni ko‘rib chiqmoqda. Yangi strategiya “shishirilgan o‘rta menejerlar shtati” muammosini hal qilish uchun ishdan bo‘shatishni nazarda tutardi.
Nashr, shuningdek, Tan asosiy ishlab chiquvchilar jamoalari unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunishi uchun boshqaruv tarkibini qisqartirganini yozgan.
Avvalroq Spot Google Android va Pixel bo‘limidagi yuzlab xodimini ishdan bo‘shatgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, 2025-yil boshida kompaniya xodimlarga optimallashtirish doirasida o‘z xohishi bilan ishdan ketishni taklif qilgan.