22-aprel kuni O‘zbekiston fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi.
Ushbu hujjat asosida “Xorijga ishga tayyorlash markazi” tashkil etiladi va unda “Yagona darcha” tamoyili asosida mehnat migratsiyasiga doir xizmatlar ko‘rsatiladi.
Xorijga vaqtincha ishlash uchun ketayotgan va qaytayotgan fuqarolarni tashishda arzon va tartibli transport qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun yo‘lovchi avtobuslar soni ko‘paytiriladi.
Qaror bilan mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarga subsidiya, kompensatsiya va kreditlar ajratish tartibi tasdiqlandi.
“Xorijda ish” elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tib, tashkillashtirilgan tartibda xorijga ishga ketayotganlarga xarajatlarni qoplashga quyidagi tartibda mablag‘lar ajratiladi:
- chet tillari yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish xarajatlari uchun (muvaffaqiyatli topshirilgan va sertifikat olinganda) — BHMning 3 baravarigacha (1,125 mln so‘m);
- “ishchi viza"sini rasmiylashtirishga — BHMning 5 baravarigacha (1,87 mln so‘m);
- yo‘l chiptasini xarid qilishga — BHMning 2 baravarigacha (750 ming so‘m).
Nemis, ingliz, yapon va koreys tillari bo‘yicha kamida B1 yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikat olgan bitiruvchilari eng ko‘p bo‘lgan 50 nafargacha o‘qituvchiga 50 mln so‘m miqdorida subsidiya beriladi.
Shuningdek, migrantlarga 10 mln so‘mgacha mikrokreditlar ajratiladi. Mablag‘lar Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga yuqori stavkada 2 yil muddatga taqdim etiladi.
Ularni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ayrim yordam puli miqdorlari oshirilmoqda:
- murakkab moliyaviy vaziyatda qolgan fuqarolarga ajratiladigan bir martalik moddiy yordam miqdori — BHMning 2 barobari (1,125 mln so‘m) dan 5 barobari (1,87 mln so‘m) gacha;
- vaqtinchalik yashash joylari (xostel) ga joylashtirish xarajatlari uchun — $300 dan $500 gacha;
- sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotini qoplashga — 300 ming so‘mgacha;
- og‘ir turdagi kasalliklarga chalingan va baxtsiz hodisalarga uchragan fuqarolar uchun — $1000 dan $1500 gacha.
Bundan tashqaro, xorijda murakkab moliyaviy vaziyatda qolgan barcha xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari beg‘araz tarzda mamlakatga qaytariladi.
2024-yilning aprel oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan fuqarolarni xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi tashkil etilishi ma’lum qilindi. Unda kollejlarda kasb va chet tillari bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, prezident farmoni bilan xorijga ishga ketayotganlarga xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya berilishi belgilandi. Oktabr oyida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi negizida Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi Migratsiya agentligi tashkil etildi.
Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya migrantlarni qabul qilish jarayonini Toshkentga ko‘chirishni muhokama qilayotgani haqida xabar berilgandi.