UzAuto Motors, UMS (Mobiuz), Issiqlik elektr stansiyalari kabi 29 ta yirik davlat kompaniyalari xalqaro ochiq savdolarga olib chiqiladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov ma’lum qildi.

Prezidentning 21-apreldagi farmoniga ko‘ra, vazirliklarda xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik (DXSh) masalalariga mas’ul bo‘ladigan maxsus vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilmoqda. Yaqinda Iqtisodiyot va moliya vazirligida shunday lavozim paydo bo‘ldi.

Shuningdek, prezident farmoni bilan 2030-yilgacha davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, mahalliy hokimliklarning bozorlar ustavida majburiy ishtirok etishi talabi bekor qilinmoqda.

9-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident xususiylashtirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinishini ma’lum qildi. Xususan, 15 ta yirik davlat kompaniyasi yevrobondlar chiqarib, IPOga chiqishi, shuningdek, 49 ta korxonadagi davlat ulushi xalqaro bozorda sotilishi ko‘zda tutilmoqda.

2022-yil iyun oyida Davaktiv agentligi Mobiuz mobil operatorini xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani ma’lum bo‘ldi. Prezident kompaniyani 2023-yil aprelgacha sotish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.


Avvalroq Spot Fitch O‘zbekistondagi ayrim davlat banklarining xususiylashtirilishi yana ko‘chirilishini kutayotgani haqida yozgandi. Agentlik joriy yil oxirigacha Aloqabank, Asakabank hamda O‘zsanoatqurilishbankni sotish vazifasini “katta ambitsiya” deb atadi.