21-aprel kuni qabul qilingan prerzident farmoni bilan 2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi.
Hujjat bilan davlat va davlat ishtirokidagi 115 ta kompaniya ustav kapitalidagi ulushlarni, 659 ta ko‘chmas mulk obyektini va 6,1 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish belgilandi. Dastlabki bosqichda kamida 30 ta foydali qazilma kon va uchastkalaridan foydalanish huquqi savdoga chiqariladi.
Yil oxirigacha 30 trln so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida qariyb 10 trln so‘m tushum ta’minlanishi kutilmoqda.
Shuningdek, 2030-yilgacha davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy etiladi. Bundan mudofaa va xavfsizlik bilan bo‘liq korxonalar hamda prezident qarorlarida belgilangan hollar mmustasno.
Maydoni 10 ming kv.metrgacha bo‘lgan davlat obyektlari yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga 5 yilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tekin foydalanishga beriladi. Bunda biznes shartnoma shartlarini bajarsa, obyekt baholangan qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotiladi.
Davlat organlariga ko‘chmas mulk sotib olish, davlat funksiyasi va mulkiga egalik qilish mezonlariga mos kelmaydigan korxonalarni tashkil etish taqiqlanadi.
O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslarga ijara huquqi asosida sotib olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini ochiq onlayn auksion orqali xususiylashtirishga ruxsat beriladi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan onlayn auksionga chiqariladigan yerlar faoliyatini kengaytirish va tayyor loyihasi bo‘lgan tadbirkorlarga taklif bildirgan joylardan tanlanadi.
Bozorlar va savdo majmualari ustav kapitalida mahalliy hokimiyati organlarining majburiy ishtirok etishi bekor qilinadi.
Boshlang‘ich narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llangandan keyin ham 1 yildan ortiq muddatda sotilmagan va xaridorlar uchun jozibador bo‘lmagan ko‘chmas mulk obyektlari boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritiladi.
Avvalroq prezident farmoni bilan 29 ta yirik davlat kompaniyalarini xalqaro ochiq savdolarga chiqarish belgilangani haqida xabar berilgandi.