Avvalroq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov 29 ta yirik davlat kompaniyasidagi davlat ulushlarini sotish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Ular qatorida UMS (Mobiuz) va UzAuto Motors bor.
Aktivlarni xususiylashtirish Shavkat Mirziyoyev tomonidan 21-aprel kuni imzolangan qarorda nazarda tutilgan. Xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda xalqaro ochiq savdolarga quyidagi aksiyalar paketlarini (ulushlarni) chiqarish belgilangan:
Nomi | Sotiladigan ulush miqdori (%) |
Aloqa | |
Universal Mobile Systems | 100% |
Avtomobilsozlik | |
UzAuto Motors | 99,7% |
UzAuto Motors Power Train | 100% |
Energetika | |
Uzbekistan GTL | 100% |
Sharg‘unko‘mir | 99,93% |
Yangi Angren IES | 99,6% |
Angren IES | 100% |
Muborak IEM | 100% |
Navoiy IES | 100% |
Sirdaryo IES | 100% |
Taxiatosh IES | 100% |
Toshkent IEM | 100% |
Toshkent IES | 100% |
To‘raqo‘rg‘on IES | 100% |
Farg‘ona IEM | 100% |
Qurilish | |
Maxsusenergogaz | 41% |
Transgazmaxsusqurilish | 77,6% |
O‘zbekgidroenergoqurilish | 96,7% |
O‘zsuvqurilish | 100% |
Yo‘lqurilish | 100% |
Mashinasozlik | |
Toshkent traktor zavodi | 100% |
Texnopark | 100% |
Boshqa sanoat | |
Sherobod sement zavodi | 100% |
O‘zmetkombinat | 91% |
Navoiyazot | 75% |
Moliyaviy xizmatlar | |
Uzbek Leasing International | 45,5% |
O‘zagrolizing | 97,5% |
O‘zagrosug‘urta | 99,35% |
O‘zbekinvest | 75,24% |
Aksariyat aktivlar bo‘yicha ochiq savdolar joriy yilning ikkinchi yarmida boshlanishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, UzAuto Motors, Uzbek Leasing International, O‘zagrosug‘urta, O‘zagrolizing, TTZ va Texnopark’dagi ulushlarni 2026-yilning birinchi choragida, UzGTL’ni esa ikkinchi chorakda savdoga chiqarish rejalashtirilgan.
Issiqlik elektr stansiyalari savdoga qo‘yilishini 1-iyulga qadar e’lon qilish rejalashtirilgan. Xususiylashtirish to‘g‘risidagi shartnomalar doirasida IESlarni tabiiy gaz bilan ta’minlash va ulardan elektr energiyasini sotib olish shartlari nazarda tutiladi.
1-noyabrgacha O‘zmetkombinat'ni moliyaviy sog‘lomlashtirish va qarzdorliklarini restrukturizatsiya qilish choralari ko‘riladi. Kombinatning davlat aksiyalari paketi bilan savdolarni 2026-yil mart oyiga qadar boshlash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 1-oktabrdan kechiktirmay Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasining Samarqand avtomobil zavodidagi (SamAuto) davlat ulushini (75,2%) sotib olish to‘g‘risidagi taklifini ko‘rib chiqish belgilangan. 1 noyabrga qadar aktivni xaridorga sotish yoki uni savdoga chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Avvalroq Davaktiv agentligi Toshkentdagi Matbuot uyi binosini xususiylashtirish rejalari haqidagi xabarlarni rad etgandi.