Rossiya hukumati Xitoy uchun gaz narxini yanada pasaytirishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Bloomberg Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tayyorlangan yangilangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish prognoziga tayanib.
2024-yili Gazprom kompaniyasining 2019-yilda ishga tushirilgan Sibir kuchi quvuri orqali amalga oshirilgan yetkazib berishlari Xitoy uchun ming kub metr hisobida $267,6ga tushgan. Bu narx Yevropa va Turkiyadagi mijozlar to‘lagan narxdan (ming kub metr uchun $376,9) 30%ga past edi.
Iqtisodiy rivojlanish vazirligi materiallariga ko‘ra, 2025-yilda Gazprom gazining narxi Xitoy uchun $247,3gacha pasayadi, yevropa va turkiyalik xaridorlar uchun esa, aksincha, ming kub metr uchun $403gacha ko‘tariladi. Shunday qilib, chegirma 39%ga yetib, ming kub metr uchun $150dan oshadi.
2026-yilga kelib Rossiya Xitoy uchun gaz narxini yana biroz — ming kub metr uchun $241,8gacha pasaytirishni rejalashtirmoqda.
Prognozlarga ko‘ra, gaz eksporti narxining pasayishi hamda neft narxlarining keskin tushishi iqtisodiyotning valyuta daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi: joriy yilda uglevodorodlarni chet elga sotish mamlakat xazinasiga rejalashtirilgan $236 mlrd o‘rniga $200 mlrd kiritadi. Vazirlik tan olishicha, 2026-yilda valyuta tushumi dastlabki bashoratlarga nisbatan $9 mlrdga kamroq bo‘ladi.
Avvakroq Spot Turkiya Rossiya gaziga to‘lov qilish uchun AQSh bilan muzokaralar olib borayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Turkiya AQSh bilan muzokaralar o‘tkazib, Rossiyadan gaz sotib olish uchun to‘lovlarni Gazprombank orqali amalga oshirish imkoniyatini saqlab qolishga harakat qilmoqda.